Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida raqamli boshqaruv va xavfsizlikning yangi modeli joriy etilmoqda
Aprel 23, 2026. 17:55 • 3 daq
• 128
TOSHKENT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustiga qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi, hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi va shu yerda ko‘chat ekdi.
Shundan so‘ng tuman hokimligi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Prezidentimiz 1992-1996-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Hokimlik binosida davlatimiz rahbari hokim bo‘lib ishlagan davrdagi qiyofada qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbari hokimligi paytida qabul qilgan eng muhim qarorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Tanishuv chog‘ida Prezidentimiz o‘sha vaqtdagi faoliyatidan xotiralari bilan bo‘lishdi.
Shu paytgacha Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida-alohida, tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yo‘qligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta to‘siq bo‘layotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab bo‘lardi.
Hozir hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi yaratildi. Muhimi, tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn muloqot qilish, vaziyatdan doimo xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.
Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sunʼiy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini taʼminlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirildi.
Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni o‘rganishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi