O‘zbekiston va Xitoy ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini ko‘paytirmoqda
Yanvar 13, 2026. 12:03 • 2 daq
• 80
TOSHKENT, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. 14-yanvar kuni Xitoyning Qoshg‘ar shahridan O‘zbekiston poytaxtiga yangi yo‘lovchi aviamarshruti bo‘yicha birinchi reys amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xitoyning “Sinxua” AA maʼlumotiga ko‘ra, ushbu yo‘nalishning ochilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama gumanitar almashinuv hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun qulay havo ko‘prigini yaratishi kutilmoqda.
Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining Qoshg‘ar okrugi maʼmuriy markazidan amalga oshiriladigan ilk parvoz uchun 180 o‘rinli Airbus A320 samolyotidan foydalaniladi. Parvozlarni haftasiga bir marotaba (borish va qaytish) amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviamarshrut ilgari boshqa shaharlar orqali uchishni talab qilgan safar vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.
O‘zbekiston Qoshg‘ar okrugining muhim savdo sherigi hisoblanadi. So‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik darajasi muntazam ravishda oshib bormoqda. 2025-yil
1-iyundan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida viza talablarini o‘zaro bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuv rasman kuchga kirdi. Unga ko‘ra, ikki davlat fuqarolari amaldagi xorijga chiqish pasportlari bilan bir gal kirganda 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz yurishlari mumkin.
Bunday qulay sharoitlar fonida Qoshg‘ar–Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviamarshrutining ochilishi turistik va ishbilarmonlik safarlariga bo‘lgan talabni yana-da faollashtiradi hamda turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga yangi turtki beradi.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, Xitoydan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgan. 2024-yilda mamlakatga Xitoydan 74,3 ming nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, bu 2023-yilga nisbatan taxminan 75 foizga ko‘pdir.
Ushbu ijobiy dinamika 2025-yilda ham davom etdi: yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekiston Xitoydan qariyb 217 ming nafar sayyohni qabul qildi va yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 250 ming nafardan oshishi kutilmoqda — bu bir yil oldingiga nisbatan 3 baravar ko‘p demakdir.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, safarlarning ko‘payishi nafaqat vizasiz rejim, balki yakunlangan “Turizm yili” doirasida O‘zbekistonning Xitoy turistik bozorida faol targ‘ib qilinishi hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarning kengayishi bilan ham bog‘liq.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi