Logo

O‘zbekiston Prezidenti Surxondaryo viloyatiga keldi

Fevral 26, 2026. 12:30 • 2 daq

4
O‘zbekiston Prezidenti Surxondaryo viloyatiga keldi

TOSHKENT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi safarini, anʼanaga ko‘ra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.

Qurʼon tilovat etilib, xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilindi.

Ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Hakim Termiziyning maʼnaviy-maʼrifiy merosini chuqur o‘rganish hamda yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Keyingi yillarda taʼmirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun to‘rt mingdan ortiq 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.

Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida ko‘plab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish