Rigada qashqadaryolik tadbirkorlar uchun maxsus shourum ochiladi
Fevral 26, 2026. 11:34 • 1 daq
• 4RIGA, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Riga shahriga tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Latviya savdo-sanoat palatasida biznes-forum va B2B formatidagi muzokaralar o‘tkazildi. Tadbirda Qashqadaryo viloyatining investitsiyaviy jozibadorligi, mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan soliq va bojxona imtiyozlari hamda qulay sarmoyaviy muhit haqida batafsil maʼlumot berildi.
Latviyalik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozorining ochiqligi va yuqori salohiyatini eʼtirof etib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi.
Delegatsiya aʼzolari Latviyaning yetakchi sanoat korxonalari, jumladan, baliqni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Karavela” kompaniyasi hamda “Rīgas Laku un krāsu rūpnīca” bo‘yoq va laq zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Muloqotlar davomida zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha texnologik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrifning muhim voqeasi sifatida O‘zbekiston–Latviya savdo uyida imzolangan hamkorlik memorandumini qayd etish lozim. Ushbu hujjat Qashqadaryo viloyati va Latviya ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar Riga shahrida qashqadaryolik tadbirkorlar uchun maxsus showroom (turli mahsulotlar namoyish qilinadigan ko‘rgazma zali) ochish bo‘yicha kelishib oldi. Bu platforma voha mahsulotlarini nafaqat Latviya, balki butun Yevropa bozorlariga chiqarishda muhim eksport darvozasi bo‘lishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


