O‘zbekiston Prezidenti Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Iyun 17, 2026. 14:30 • 2 daq

53
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

TOSHKЕNT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Xitoy Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda “China Energy Engineering Corporation”, “China Datang”, “Sinoma Energy Conservation”, “China Southern Power Grid”, “CAMCE”, “CNNC”, “State Nuclear Uranium Resource Development” kompaniyalari rahbarlari hamda “The Export-Import Bank of China” va “Bank of China” vakillari ishtirok etdi.

Energetika va geologiya sohalarida o‘zaro manfaatli yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish, bank-moliya borasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi savdo-iqtisodiyot va investitsiya yo‘nalishlarida jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Yilning o‘tgan davrida tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollardan oshdi, Xitoydan 8 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirildi. Mamlakatimizda qariyb 6 mingta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

“Yashil” energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari qurilmoqda.

Ushbu loyihalarni tezlashtirish hamda fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaikani joriy etish va elektr uzatish liniyalarini qurish kabi yangi tashabbuslarni boshlash rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Chiqindilarni qayta ishlash hisobiga energiya ishlab chiqarish, data-markazlar va boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tog‘-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Bu borada konlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ularni o‘zlashtirish, muhim xomashyoni yetkazib berish sohasida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Muzokaralarda Xitoyning yirik banklari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil yo‘llari va gidroelektrostansiyalarini barpo etish, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari davlatimiz rahbariga proaktiv muloqot uchun minnatdorlik bildirib, erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirishga qat’iy intilishini tasdiqladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish