O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasini qabul qildi
Noyabr 28, 2025. 12:16 • 2 daq
• 494
TOSHKENT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – BAA do‘stligi va strategik sherikligini yanada mustahkamlash, shuningdek, joriy yilning yanvar oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishlarda 300 dan ziyod tashabbuslar, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi muhim dasturlar amalga oshirilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi besh yillik dasturni keng ko‘lamda amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Byurokratiyani kamaytirish, sunʼiy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi