Chexiyada italiyalik rassomning O‘zbekistonga bag‘ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi namoyish qilindi
Sentabr 16, 2026. 11:30 • 2 daq
• 104PRAGA, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. Chexiya poytaxtida italiyalik rassom Titsiano Marasko tomonidan O‘zbekistonga bag‘ishlab yaratilgan “Sogdiana” rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu namoyish Chexiyada yashovchi italiyalik rassom va jurnalist Titsiano Maraskoning 2025-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan safari taassurotlariga bag‘ishlangan.
Elchixona ko‘magida o‘tkazilgan ko‘rgazmada Xiva, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlari manzaralari, milliy meros va sanoat taraqqiyoti o‘rtasidagi kontrast aks ettirilgan suratlar namoyish etildi.
Tadbir davomida o‘zbek milliy musiqasi, hunarmandchilik namunalari va anʼanaviy kiyimlar keng taqdim etildi. Titsiano Marasko O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan qutlab, o‘zbek xalqiga tabrik yo‘lladi.
“Butun o‘zbek xalqini istiqlol shodiyonasi bilan chin qalbimdan tabriklayman. O‘tgan yili O‘zbekistonga safarim davomida olgan taassurotlarim asosida mamlakat madaniyati va anʼanalari haqida qator rasmlar yaratdim. Bu asarlarda Xivadan Toshkentgacha yo‘l-yo‘lakay ko‘rgan-kechirganlarim, yirik shaharlar tasvirlangan”, — deya taʼkidlagan rassom.
Titsiano Marasko 1985-yilda Italiyaning Udine shahrida tug‘ilgan. Hozirda Pragada yashaydi va u yerda mustaqil jurnalist hamda rassom bo‘lib faoliyat yuritadi. 2004-yildan buyon rassomchilik bilan shug‘ullanib keladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



