“World Nuclear News”: O‘zbekiston birinchi AES loyihasida mahalliylashtirishni kengaytirmoqda

Sentabr 16, 2026. 12:30 • 2 daq

60
“World Nuclear News”: O‘zbekiston birinchi AES loyihasida mahalliylashtirishni kengaytirmoqda

LONDON, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning birinchi atom elektr stansiyasini qurishda mahalliy ishlab chiqarish va milliy kompaniyalar ishtiroki ulushini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Britaniyaning “World Nuclear News” portaliga tayanib.

Maqolada qayd etilishicha, hozirda loyihada mahalliy ishlab chiqarish ulushi taxminan 21 foizni tashkil etadi. Uni kamida 30 foizga, o‘zbekistonlik korxonalar tomonidan bajariladigan qurilish-montaj ishlari ulushini esa 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahalliylashtirishni rivojlantirish uchun soliq va bojxona imtiyozlariga ega bo‘lgan 200 gektar maydonda sanoat zonasini tashkil etish rejasi tasdiqlandi. Unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, atom sanoati xodimlari uchun taxminan 33 ming kishiga mo‘ljallangan, 200 gektar maydonda shaharcha qurish rejalashtirilgan. Unda 10 mingga yaqin xonadon, maktablar, bolalar bog‘chalari, shuningdek, tibbiyot, sport va madaniyat maskanlari barpo etiladi.

AES loyihasi Jizzax viloyatida amalga oshirilmoqda. 2025-yilda stansiya konfiguratsiyasi o‘zgartirilgandan so‘ng, u har birining quvvati taxminan 1 GVt bo‘lgan VVER-1000 reaktorli ikkita energoblok va ikkita kichik quvvatli blokni o‘z ichiga oladi. Stansiyaning umumiy elektr quvvati dastlab rejalashtirilgan 330 MVt o‘rniga 2,1 GVtdan oshadi.

Davlat rahbari qurilish sifati va xavfsizligini taʼminlash, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish hamda atom sanoati uchun zarur kadrlarni tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish