Logo

O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Mart 04, 2026. 17:41 • 2 daq

21
O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

TOSHKENT, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.

Muqaddas Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu murakkab damlarda O‘zbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.

Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak, ularni Vataniga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

O‘z navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston Prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlagani, ko‘rsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish