Logo

Tarixiy g‘alaba. 20 yoshli Javohir Sindarov Nomzodlar turniri g‘olibi bo‘ldi

Aprel 15, 2026. 11:22 • 2 daq

83
Tarixiy g‘alaba. 20 yoshli Javohir Sindarov Nomzodlar turniri g‘olibi bo‘ldi

TOSHKENT, 15-aprel. / “Dunyo” AA/. 14 aprel kuni 20 yoshli o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov 2026-yilgi Nomzodlar turnirining 13-turida niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynab, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kiprda o‘tayotgan Nomzodlar turnirining hal qiluvchi bahsiga g‘alaba kayfiyati bilan chiqqan Anish Giri (oq) oradagi farqni qisqartirish imkoniyatini saqlab qolish uchun o‘zbekistonlik shaxmatchiga qarshi biroz qaltis taktikani tanladi.

Niderlandiyalik grossmeyster deyarli benuqson o‘yin ko‘rsatdi: kompyuter uning yurishlari aniqligini 99,2 foiz deb baholadi. Biroq Javohir yanada aql bovar qilmas o‘yin namoyish etib, har bir yurishni mutlaq aniqlik bilan – 99,5 foiz xotirjamlik bilan amalga oshirdi.

Javohir Sindarovning xotirjamligi va aniqligi raqibning barcha urinishlarini yo‘qqa chiqarib, uni durangga rozi bo‘lishga majbur qildi.

13 turdan so‘ng (6 g‘alaba, 7 durang) 9,5 ochko to‘plagan o‘zbekistonlik grossmeyster 2026-yilgi Nomzodlar turnirida bir tur oldin rasman g‘alaba qozondi. Bu Javohirga amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi jahon chempioni unvoni uchun yagona yo‘llanmani taqdim etdi.

Eʼtiborlisi, 20 yoshli shaxmatchi jahon chempioni unvoni uchun kurash yo‘lida Magnus Karlsen, Vishvanatan Anand va Yan Nepomnyashiy kabi afsonaviy shaxmatchilarning rekordlarini yangiladi.

Oltita g‘alabaga erishgan Javohir tarixiy natija qayd etdi. U 2013 yilda Nomzodlar turnirida sakkiz nafar ishtirokchi qatnashgan ikki davrali aylanma tizim joriy etilganidan beri 13 yil davomida saqlanib kelgan rekordni yangiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish