O‘zbekiston Prezidenti aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarining borishini ko‘rib chiqdi
Yanvar 19, 2026. 18:45 • 2 daq
• 92
TOSHKENT, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ushbu tadbir mamlakatimizda demografik jarayonlar, mehnat resurslari, ijtimoiy infratuzilma va hududiy rivojlanishni ilmiy asosda rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ro‘yxatga olish jarayonlari xalqaro standartlar asosida, zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
Ro‘yxatga olish joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. 15-31-yanvar kunlari davom etadigan birinchi bosqichda fuqarolar maxsus axborot tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ikkinchi bosqichda esa 4-28-fevral kunlari “mahalla yettiligi” xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali to‘ldiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayonlari census.stat.uz portalida amalga oshirilib, OneID tizimi orqali identifikatsiya qilinishi belgilangan. Barcha maʼlumotlar geoaxborot tizimi asosida monitoring qilinmoqda. Shu maqsadda respublika bo‘yicha 7,6 milliondan ortiq xonadon va turar joylarning geomanzillari shakllantirildi, jarayonlarni real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beruvchi maxsus monitoring dashbordlari ishlab chiqildi.
Fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan barcha maʼlumotlar qonunchilik talablariga muvofiq himoya qilinadi, shaxsiy maʼlumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi.
Ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun 14 ta hududiy va 208 ta tuman va shahar shtablari tashkil etildi. 60 ming nafarga yaqin ro‘yxatga oluvchi xodimlar tayyorlandi. Jumladan, 54 ming nafar “mahalla yettiligi” vakillari, 2,6 ming zaxira xodimlar hamda 4 ming nafar hududiy shtab aʼzolari jarayonga jalb etildi. Shuningdek, vazirlik va idoralardan 480 nafar trener, oliy taʼlim muassasalaridan 3200 nafar volontyor o‘quvdan o‘tkazildi.
Aholini xabardor qilish va targ‘ibot ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 110 ta targ‘ibot videoroligi, 600 ta televizion lavha tayyorlandi, ijtimoiy tarmoqda 6,3 mingta, aholi gavjum joylar va jamoat transportlarida 23 mingdan ziyod axborot materiallari joylashtirildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunga qadar maxsus portal orqali 2,48 million xonadon hamda 31 mingta fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari ro‘yxatga olindi.
Davlatimiz rahbari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli o‘tkazish, maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash va ulardan qaror qabul qilish jarayonlarida keng foydalanish muhimligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
