“СNN”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning asrlar davomida shakllangan ilmiy merosini butun dunyoga taqdim etmoqda
Mart 17, 2026. 19:58 • 3 daq
• 13
ATLANTA, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Amerikaning nufuzli “CNN” telekanalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“CNN” nashri xabariga ko‘ra, asrlar davomida Buyuk Ipak Yo‘li nafaqat karvonlarni, balki g‘oyalar, ilmiy bilimlar va sanʼat shakllarini ham o‘zida birlashtirgan global almashinuv yo‘li bo‘lgan. Shu yo‘l orqali Markaziy Osiyo, xususan bugungi O‘zbekiston shaharlarida xalqaro ilmiy, madaniy va dini tafakkur shakllangan, va bu hudud tarix davomida sivilizatsiyalararo o‘zaro taʼsir va muloqotning markaziy nuqtasiga aylangan.
2025-yilda xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan — “Prix Avicenne 2025” xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida shakllangan ilm, madaniyat va ruhiy merosni global miqyosda o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish maqsadida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining nechog‘lik ulug‘vor qiyofa kasb etganligini taʼriflaydi.
Nashrda qayd etishicha, ushbu markaz nafaqat muzey sifatida, balki ilmiy‑tadqiqot muassasasi sifatida ham faoliyat yuritadi va O‘zbekistonning islom ilm‑maʼrifati va madaniyatining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi muhim o‘rnini namoyish etadi.
CNN qayd etishicha, markaz loyihasi Registon maydonidagi madrasalarga xos meʼmoriy anʼanalar hamda Temuriylar davri ruhini uyg‘unlashtirgan holda barpo etilgan bo‘lib, u tarixiy merosga mustahkam tayanadi. Inshootning to‘rtta ulkan portali orqali O‘zbekiston hududlari ramziy ifoda etilgan, fasadlari esa nafis koshinkor naqshlar va xattotlik bezaklari bilan boyitilgan.
“Markazning ichki makoni zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirilgan bo‘lib, immersiv multimedia muhitlari, sunʼiy intellektga asoslangan interaktiv installyatsiyalar hamda uch o‘lchovli rekonstruksiyalar orqali tashrif buyuruvchilarga tarixiy davrlarni jonli his etish imkonini beradi. Shuningdek, majmua tarkibida ilmiy-tadqiqot markazlari, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalari, arxiv saqlash xonalari hamda kutubxona mavjud bo‘lib, bu Markazning nafaqat jamoat muzei, balki faol ilmiy muassasa sifatida ham samarali faoliyat yuritishini taʼminlaydi. loyiha ustida 40 dan ortiq mamlakatdan 1 500 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etgan. Xorazmdagi Maʼmun akademiyasi yoki Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi, o‘z davrida Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi ilm-fan markazlaridan biriga aylantirgan muassasalar anʼanasini davom ettirgan holda, Islom sivilizatsiyasi markazi yangi avlod uchun ushbu boy intellektual merosni qayta tiklashga qaratilgan”, - deyiladi maqolada.
“CNN”da eʼlon qilgan maqola yakunida 2026-yil mart oyida Toshkent shahrida ochilishi rejalashtirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi muhim madaniy voqea sifatida baholanib, yangi avlodni Markaziy Osiyoda shakllangan jahon ilm-fani ildizlari bilan bog‘lashga xizmat qilishi taʼkidlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi