Logo

O‘zbekiston Prezidenti Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalarni ko‘rib chiqdi

Mart 03, 2026. 21:11 • 4 daq

63
O‘zbekiston Prezidenti Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalarni ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda viloyatda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish orqali ko‘plab sohalarda ijobiy natijalarga erishildi. Sanoat hajmi 2016-yildagi 2,8 trillion so‘mdan 34,3 trillion so‘mga yetdi, yalpi hududiy mahsulot 63 trillion so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yili viloyatga 1 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilindi.

Shu bilan birga, erishilgan ko‘rsatkichlar hudud salohiyatiga to‘liq mos emasligi taʼkidlandi. Ayniqsa, turizm sohasida noyob tarixiy va madaniy merosga ega bo‘lgan hududda sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati 1-2 kun bilan cheklanmoqda.

Viloyatda 1 milliondan ziyod yoshlar yashaydi, har yili 35 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning taʼlim-tarbiyasi, zamonaviy kasb-hunar egallashi va bandligini taʼminlash hudud rahbariyatining doimiy eʼtiborida bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Yosh avlodni Jaloliddin Manguberdi, Beruniy, Xorazmiy va Zamaxshariy kabi buyuk siymolarga munosib etib tarbiyalash bo‘yicha yangi tizimli yondashuvlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Aholining 67 foizi qishloqlarda istiqomat qilishini inobatga olib, aynan qishloq joylarda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish orqali ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish muhim ekani qayd etildi.

Masalan, Gurlan, Tuproqqalʼa, Yangibozor va Qo‘shko‘pir tumanlarida chorvachilikka ixtisoslashgan 135 ta mahallada naslli chorvani ko‘paytirish, Urganch, Xonqa, Qo‘shko‘pir va Shovot tumanlarida mahallalarni qurilish materiallari, to‘qimachilik, hunarmandchilik va mebelsozlik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish, shuningdek, Urganch, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Yangiariq va Shovot tumanlarida 6 ta sanoat va xizmatlar mikromarkazini tashkil etish orqali kamida 10 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati bor.

O‘tgan yili viloyatga kelgan xorijiy va mahalliy turistlar soni 12,5 million nafarga yetgan. Biroq xizmatlar ko‘lami va sifati, yangi turistik marshrutlar tashkil etish, sayohat obyektlarini mazmunan boyitish ishlari yetarli emasligi qayd etildi.

Xiva shahri, Bog‘ot va Xiva tumanlaridagi turizm mahallalarida servis obyektlari barpo etish, 59 ta mahalladagi 14 ta gavjum ko‘cha bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, tadbirkorlarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.

10,8 gektar maydonda joylashgan Sulaymon qalʼa majmuasini yangi turistik obyekt sifatida kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, Urganch shahri orqali o‘tuvchi Shovot kanali bo‘yida turizm va servis obyektlari hamda ko‘ngilochar markazlar tashkil qilish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksportni oshirish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Hazorasp, Urganch, Shovot, Tuproqqalʼa va Urganch shahri salohiyatidan samarali foydalanib, yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Pitnak shahridagi avtomobil zavodi quvvatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini 62 foizga yetkazish orqali yaxlit mashinasozlik klasterini shakllantirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, Hazoraspda kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat, Shovotda mebelchilik va tekstil yo‘nalishlarida yangi loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.

Viloyat shahar va tumanlarini zamonaviy qiyofaga keltirish, yo‘l va suv infratuzilmasini yaxshilashga 1 milliard 600 million dollar ajratilishi maʼlum qilindi.

Umuman, joriy yilda xorijiy investitsiya hajmini 2 milliard dollardan, eksportni 510 million dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali yalpi hududiy mahsulotni 8,4 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,2 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yili Xorazm viloyatida kambag‘allik darajasi 11,9 foizdan 6,7 foizga tushgani respublikadagi eng yuqori natija bo‘ldi. Biroq kambag‘allik darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi. Shu bois, yil yakuniga qadar ishsizlik va kambag‘allik darajasini kamida 3 foizgacha qisqartirish asosiy vazifa sifatida belgilandi.

Bundan Hazorasp, Xonqa, Shovot, Yangiariq, Yangibozor, Tuproqqalʼa, Xiva va Urganch shaharlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish topshirildi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga qator aniq vazifalar yuklatildi.

Xususan, Gurlan tumanidagi 158 kilometr kanalni rekonstruksiya qilish, tadbirkorlik loyihalari uchun 81 million dollar ajratish, 270 ta nasos agregatini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish, O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini moliyalashtirish, ijtimoiy obyektlar va infratuzilmani taʼmirlashga 100 milliard so‘m yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz mutasaddilar oldiga ishlarni aholi hayotiga aniq o‘zgarish olib keladigan, natijadorlikka qaratilgan qilib tashkil etish, har bir tuman va mahallada manzilli yondashuvni taʼminlash vazifasini qo‘ydi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish