O‘zbekiston Prezidenti: Yurtimizda zamonaviy fikrlaydigan, o‘z biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda
Avgust 18, 2026. 16:15 • 7 daq
• 6
TOSHKENT, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xiva shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, anjumanda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shu jumladan, tuman studiyalaridan 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish anʼanasi yo‘lga qo‘yilganidan buyon biznes rivojiga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim topildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
– Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun! – dedi Prezident.
O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi ham 3 karra ko‘paydi.
Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga, xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mdan oshgan tumanlar 41 tadan 152 taga ko‘paydi. Milliy brendini yaratgan, mamlakat bo‘ylab filiallar ochgan tadbirkorlar safi kengaydi.
Prezidentimiz so‘nggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi. Bugun viloyat iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda, eksportda uning ulushi 81 foizga yetdi.
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren kredit reytingini yaxshiladi.
Davlatimiz rahbari bu natijalar, eng avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini qayd etdi.
Muloqotda tadbirkorlar ko‘targan masalalar asosida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha yangi tashabbuslar eʼlon qilindi.
Birinchi yo‘nalish – tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini taʼminlash.
Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishning yangi tizimi yaratiladi. “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” orqali tadbirkor bitta ariza bilan banklarning takliflarini olishi, biznesni endi boshlayotganlar esa 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratilib, yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlarga sunʼiy intellekt yordamida loyiha va kredit hujjatlarini tayyorlash, hisobot yuritish o‘rgatiladi. Tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit berish yo‘lga qo‘yiladi.
– Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Kichik biznes uchun garov masalasini yengillashtirish maqsadida “kontr-kafolat” tizimi joriy qilinadi. 10 milliard so‘mgacha kreditda tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
Ikkinchi yo‘nalish – hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish.
Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Qiymatning yarmini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Auksionga chiqariladigan yer uchastkalari qurilish uchun zarur hujjatlar bilan “tayyor paket” shaklida savdoga qo‘yiladi.
Banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.
Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida “Bond sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ularda mahalliylashtirish, R&D, laboratoriya va muhandislik xizmatlari yagona zanjirda yo‘lga qo‘yiladi.
Energiya va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov talabi ham qayta ko‘rib chiqiladi. ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomiga rioya qilayotgan korxonalar uchun avans 15 foiz etib belgilanadi.
Uchinchi yo‘nalish – “sunʼiy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish.
– Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sunʼiy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki, – dedi Prezidentimiz.
“10 ming korxona uchun – sunʼiy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Korxonalarning sunʼiy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Yangi mahsulot uchun model yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi.
Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.
Mahalliy korxonalarni kapital bozoriga olib chiqish uchun akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yilib, har yili 50 ta yirik korxona IPOga tayyorlanadi.
Yirik investitsiya loyihalarida kadr tayyorlash komponenti majburiy bo‘ladi. Urganchda yo‘lga qo‘yilgan kasbga tayyorlash tajribasi barcha hududlarga tatbiq etilib, 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsad qilingan.
To‘rtinchi yo‘nalish – eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish.
Tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan “Eksport navigator” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirilib, har biri bo‘yicha bozor, tarif va logistika yechimlari ishlab chiqiladi.
Ikki mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor talablariga moslashtiriladi. Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish, milliy brendni tashqi bozorda targ‘ib qilish, marketpleys va xalqaro tenderlarda ishtirok etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
– Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Asosiy va istiqbolli tashqi bozorlarda “eksport elchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Eksportda valyuta tushumi muddatlari uzaytirilib, ayrim cheklovlar bekor qilinadi.
Beshinchi yo‘nalish – biznesga maʼmuriy bosimni keskin kamaytirish.
– Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi.
Ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tgan o‘rta va yirik biznesda kamchiliklar bartaraf etilsa, jarima qo‘llanmaydi. Barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” hamda “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.
Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining yarmi “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkaziladi. 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, yana 35 tasini berish muddati qisqartiriladi.
Oziq-ovqat eksporti uchun talab etiladigan bir nechta ruxsatnoma o‘rniga yagona “Salomatlik sertifikati” joriy etiladi.
Muloqotda turizm sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi.
Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollar resurs ajratiladi. Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2030-yilgacha uzaytiriladi.
Turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtiriladi. Turistik avtobus va elektrobuslarni olib kelish bo‘yicha imtiyozlar ham davom ettiriladi.
Muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosiy marralar belgilab berildi.
– Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yana-da yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi.
Har bir hududning salohiyatidan kelib chiqib yangi o‘sish nuqtalari belgilab berildi. Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Farg‘ona vodiysida to‘liq zanjirli sanoat, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlarini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.
Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosi, Qoraqalpog‘istonda “yashil” energetika, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt, Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari asosiy o‘sish nuqtalari etib belgilandi.
Ochiq muloqot davomida Prezidentimiz tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini tingladi.
– Yurtimizda zamonaviy fikrlaydigan, o‘z biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda.
Hech qachon oldinga intilishdan, o‘sishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan to‘xtamang! Sizlarning ortingizda doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor! – dedi davlatimiz rahbari uchrashuv yakunida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi