O‘zbekiston Prezidenti AQSh Prezidentining taklifiga javoban Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi
Yanvar 19, 2026. 16:52 • 57 soniya
• 16
TOSHKENT, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish bo‘yicha xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning telegram-kanaliga tayanib.
“Maktubda qayd etilishicha, ushbu tashabbus 2025-yil 29-sentyabrda eʼlon qilingan va jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan maʼqullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.
Tashabbusning asosiy maqsadi uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni shakllantirish uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashini tuzishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasiga Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari amerikalik hamkasbiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.
Prezidentimiz o‘z maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini taʼkidladi”.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
