O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Aprel 03, 2026. 15:50 • 3 daq
• 107
TOSHKENT, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda so‘nggi yillarda oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, tizimdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lash, taʼlim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu munosabat bilan taqdimotda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “U10 – O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.
Mazkur tanlov professor-o‘qituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi.
Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 150 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, oliy taʼlim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Xususan, 2027-yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda universitetlar taʼlim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.
Davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda taʼlim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.
Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi ustuvor yo‘nalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi.
Jumladan, oliygohlarning “spin-off” korxonalarini tashkil etish orqali “tarmoq – korxona – oliy taʼlim tashkiloti – ilmiy tashkilot” zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.
O‘zbekistonni mintaqaviy taʼlim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.
Taqdimotda sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa muhim tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy taʼlim va ilm-fan tizimini yangi darajaga olib chiqish muhimligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi