Riga–Toshkent: to‘qimachilik sohasida raqamli transformatsiya masalasi muhokama qilindi
Mart 24, 2026. 14:53 • 55 soniya
• 49
RIGA, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Latviyaning “Fluxy.One” kompaniyasi ekspertlari hamda yurtimizda to‘qimachilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirokida onlayn trening tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Yevropa Ittifoqida joriy etilayotgan “Digital Product Passport” (DPP) mahsulotlarning raqamli pasporti, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan yangi talablar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida “DPP” tizimini joriy etishning asosiy jihatlari, jumladan ta’minot zanjirlarining shaffofligi, ekologik standartlarga muvofiqlik, mahsulotlarning kuzatuvchanligi hamda barqaror rivojlanish talablari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zbek korxonalari uchun qo‘shimcha maslahat va o‘quv tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Yevropa mahsulotlarining raqamli pasportlari bo‘yicha yetakchi operator hisoblangan “Fluxy.One” (GS1 Belgium-Luxembourg Solution Partner) kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasiga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi