O‘zbekiston alyuminiy mahsulotlari Germaniyadagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi
Oktabr 11, 2026. 14:00 • 2 daq
• 108
DYUSSELDORF, 11-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Germaniyada bo‘lib o‘tgan «ALUMINIUM 2026» xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonning «Benkam» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan alyuminiy mahsulotlari namoyish qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Dyusseldorf shahrida o‘tkazilgan ko‘rgazmada alyuminiy sanoati sohasidagi dunyoning yetakchi ixtisoslashgan kompaniyalari ishtirok etdi. Tadbir doirasida ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, alyuminiyni qayta ishlash, resurslardan samarali foydalanish, ekologik barqarorlik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Navoiy erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan «Benkam» korxonasi ko‘rgazmada qurilish industriyasi, quyosh energetikasi, transport va sanoat infratuzilmasi uchun mo‘ljallangan alyuminiy profillarini taqdim qildi.
Kompaniya ekspozitsiyasi xalqaro ishbilarmon doiralar vakillarini O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan, turli sanoat tarmoqlari ehtiyojlariga moslashtirilgan mahsulotlar bilan tanishtirish imkonini berdi.
Ko‘rgazma davomida korxona vakillari xorijiy kompaniyalar, sanoat buyurtmachilari va salohiyatli hamkorlar bilan B2B formatida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqot davomida xalqaro kooperatsiyani kengaytirish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan alyuminiy mahsulotlarini Yevropa va Shimoliy Amerika bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Vakillarimizning «ALUMINIUM 2026» ko‘rgazmasida ishtirok etishi O‘zbekistonning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyatini xalqaro miqyosda namoyish etish, «Made in Uzbekistan» brendining jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash, eksport geografiyasini kengaytirish va xorijiy sanoat kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi