O‘zbekistonlik mutaxassislar Misrning cho‘l hududlarini o‘zlashtirish tajribasini o‘rganadi
Sentabr 09, 2026. 11:00 • 2 daq
• 98
QOHIRA, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Misr Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligi huzuridagi Sahrolarni tadqiq qilish markazi rahbari Husom Shavqiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fermer va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya 14–20-sentabr kunlari Misrga xizmat safarini amalga oshiradi. Tashrif doirasida mamlakatning yaylovlarni boshqarish, chorvachilik va ozuqa bazasini rivojlantirish, sahro yerlarini o‘zlashtirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash borasidagi tajribasini o‘rganish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda qayd etilishicha, tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi Sahrolarni tadqiq qilish markazida bo‘ladi. U yerda gidrogeologiya, chorvachilik, ozuqa bazasini rivojlantirish va yangi yerlarni o‘zlashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlar hamda misrlik mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Tomonlar, “Mariout Research Station” va “Ras Sadr” ilmiy-tadqiqot stansiyalariga tashrif buyurish masalasini ham ko‘rib chiqdi. Markaz rahbari misrlik mutaxassislarning sahro hududlarini o‘zlashtirish va zamonaviy sug‘orish texnologiyalari sohasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga, delegatsiyalar almashishga hamda tajriba ulashishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi