Abu-Dabida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Sentabr 09, 2026. 09:30 • 2 daq
• 133
ABU-DABI, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri Muhammad Hassan Al-Suvaydiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. BAAning yetakchi kompaniyalari va investitsiya institutlarini O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga kengroq jalb etish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Investitsiyalar vaziri Muhammad Hassan Al-Suvaydiy O‘zbekistonda yirik va uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, zamonaviy shaharsozlik hamda infratuzilma, energetika, kon-chiqarish sanoati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida oliy darajadagi o‘zaro tashriflarni davom ettirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Tomonlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va investitsiyaviy hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi