Qoraqalpog‘iston va Panjob o‘rtasida agrar sohada investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Iyul 07, 2026. 14:00 • 2 daq

78
Qoraqalpog‘iston va Panjob o‘rtasida agrar sohada investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

LAHOR, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Lohor shahriga tashrif doirasida Panjob provinsiyasi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik vaziri Said Husayn Kirman bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Pokiston tomoni Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining mazkur tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalarni amaliy mazmun bilan boyitishda hududlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, Qoraqalpog‘iston va Panjob o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy va agrar sohalardagi aloqalarni yana-da faollashtirish zarurligi qayd etildi.

Suhbat chog‘ida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlar ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlikning eng ustuvor sohalaridan biri ekanini maʼlum qildi.

Pokiston tomoni qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini shakllantirish va amaliy hamkorlikni jadallashtirish maqsadida ikki tomonlama qo‘shma ishchi guruh tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, tirik nasldor chorva mollarini O‘zbekistonga eksport qilish, kartoshka va paxta urug‘chiligini rivojlantirish, seleksiya ishlarini takomillashtirish, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish hamda ilg‘or agrar texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan ham o‘zaro manfaatli takliflar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish har ikki hududning agrosanoat salohiyatini yana-da yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va o‘zaro savdo aylanmasini ko‘paytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash, istiqbolli qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish hamda muntazam muloqot va ishbilarmonlik aloqalarini davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish