Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Pokistonning Panjob provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi

Iyul 06, 2026. 10:00 • 3 daq

194
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Pokistonning Panjob provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi

LAHOR, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonning Panjob provinsiyasi Bosh vaziri Maryam Navaz Sharif bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan strategik sheriklik munosabatlarini hududlararo hamkorlik orqali yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Maryam Navaz Sharif O‘zbekiston hududlari delegatsiyasi bilan navbatdagi muloqotdan mamnunligini bildirib, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Muzokaralarda Qoraqalpog‘iston va Panjob provinsiyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, to‘qimachilik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, tog‘-kon sanoati hamda logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, agrotexnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, Panjobning kartoshka yetishtirishdagi ilg‘or tajribasini Qoraqalpog‘istonda joriy etish, pokistonlik fermerlarni respublikaga jalb qilish va ularga qishloq xo‘jaligi faoliyatini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratish yuzasidan takliflar bildirildi.

Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda yirik infratuzilma loyihalari haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, Panjob tadbirkorlari ishtirokida maxsus erkin iqtisodiy zonani tashkil etish taklifi ilgari surildi. Panjob Bosh vaziri ushbu tashabbusni atroflicha ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar Pokistonning to‘qimachilik sohasidagi katta tajribasini inobatga olgan holda, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan investorlarni Qoraqalpog‘istonda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga jalb etish masalasini ham muhokama qildi. Buning uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, energetika va boshqa infratuzilma obyektlari bilan taʼminlash bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Muzokaralar davomida transport va logistika sohasida ham o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston hududida zamonaviy xalqaro logistika markazini tashkil etish va uni Pokiston tadbirkorlari uchun Yevropa, Markaziy Osiyo, Osiyo hamda MDH mamlakatlari bozorlariga chiqishda samarali transport-logistika platformasi sifatida rivojlantirish taklifi ilgari surildi.

Farmatsevtika, axborot texnologiyalari hamda tog‘-kon sanoati sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Pokiston kompaniyalarining ushbu yo‘nalishlardagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, energetika va suv taʼminoti bilan taʼminlash imkoniyatlari mavjudligi maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirish maqsadida Nukus va Lahor shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish taklifi ilgari surildi. Panjob Bosh vaziri mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tegishli kelishuv loyihasini ishlab chiqish hamda ikki tomonlama madaniy va iqtisodiy tadbirlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish