Logo

Berlinda vatandoshlar ishtirokida “Sumalak sayli” bo‘lib o‘tdi

Aprel 11, 2026. 15:30 • 2 daq

83
Berlinda vatandoshlar ishtirokida “Sumalak sayli” bo‘lib o‘tdi

BERLIN, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan “Vatandoshlar” jamoat fondi, “Nihol” o‘zbek-olmon hamda “O‘zbekoyim” ayollar jamiyatlari hamkorligida Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun “Sumalak sayli” va Navro‘z bayrami tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tantanali tadbirda Berlin va boshqa hududlarda faoliyat yuritayotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan hamda taʼlim olayotgan yuzlab hamyurtlarimiz oila aʼzolari bilan ishtirok etdi.

Mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov yig‘ilganlarni bahor ayyomi bilan qutlab, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini taʼkidladi.

Tadbir doirasida “Nihol” o‘zbek-olmon jamiyati raisi Nurbek Po‘latov va “O‘zbekoyim” jamiyati hamraisi Feruza Gafurova so‘zga chiqib, Germaniyadagi o‘zbek diasporasining faoliyati va istiqboldagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, vatandoshlarning farzandlari uchun o‘zbek tili kurslari, kitobxonlik kunlari va ilmiy-maʼrifiy seminarlar tashkil etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Jamiyat faollari Berlin atrofida yashayotgan vatandoshlarni birlashtirish va milliy o‘zlikni saqlab qolish asosiy maqsad ekanini taʼkidladi.

Bayram dasturxoniga tortilgan milliy taomlar va sumalak ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Mazkur tadbir Germaniyadagi vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, milliy urf-odatlarni yosh avlodga yetkazish va O‘zbekiston bilan madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish