Logo

Samarqand birinchi “O‘zbekiston – Kanada” parlamentlararo forumiga mezbonlik qiladi

Yanvar 27, 2026. 11:37 • 43 soniya

166
Samarqand birinchi “O‘zbekiston – Kanada” parlamentlararo forumiga mezbonlik qiladi

TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev kecha Kanada Parlamenti Jamoalar palatasidagi “Kanada–O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Ziyad Abualtaif bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Senat maʼlumotiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi qayd etildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasining 2025-yil 26–27-noyabr kunlari Kanadaga tashrifi hamda Kanada parlamentida O‘zbekiston kunining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani yuqori baholandi.

“O‘zbekiston – Kanada” birinchi parlamentlararo forumini 2026-yilda Samarqand shahrida o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Kanada delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida savdo-investitsiyaviy hamkorlik, jumladan muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi, toza energetika, taʼlim va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma “O‘zbekiston – Kanada” biznes forumini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish