O‘zbekiston Faxriy konsullarining birinchi global onlayn-forumi o‘tkazildi

Iyul 24, 2026. 17:30 • 2 daq

26
O‘zbekiston Faxriy konsullarining birinchi global onlayn-forumi o‘tkazildi
O‘zbekiston Faxriy konsullarining birinchi global onlayn-forumi o‘tkazildi
O‘zbekiston Faxriy konsullarining birinchi global onlayn-forumi o‘tkazildi

TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan faxriy konsullarni birlashtirgan birinchi global onlayn-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, yurtimizning xorijiy davlatlarda akkreditatsiyadan o‘tgan faxriy konsullari, Turizm qo‘mitasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Investitsiyalarni jalb etish agentligi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda faxriy konsullar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ularning iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatimiz turizm salohiyatini kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Interaktiv muloqot doirasida ishtirokchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyatini targ‘ib qilish yuzasidan fikr-mulohaza almashdi.

Suhbat davomida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, vaqti-vaqti bilan norasmiy onlayn uchrashuvlar tashkil etish taklifi bildirildi. Ishtirokchilarning aksariyati 2027-yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston faxriy konsullarining anʼanaviy yillik uchrashuvini o‘tkazish tashabbusini maʼqulladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish