Eldor Aripov: Bir necha o‘n yilliklar ichida ilk bor O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z saʼy-harakatlarini kelajakni birgalikda shakllantirishga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi
Iyul 23, 2026. 15:00 • 3 daq
• 108BISHKEK, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘iziston poytaxtida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari” mavzusida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda yetakchi tahlil markazlari rahbarlari va vakillari, tegishli idoralar hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat O‘zbekistonning nufuzli delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov bugungi kunda O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarida yuz berayotgan sifat jihatidan tub o‘zgarishlarni qayd etdi. U ikki mamlakat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama kun tartibidagi barcha prinsipial va murakkab masalalar muvaffaqiyatli hal etilganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Ushbu tarixiy burilishning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Eldor Aripov: “Amalda, bir necha o‘n yilliklar ichida ilk bor O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z saʼy-harakatlarini o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan muammolarni bartaraf etishga emas, balki kelajakni birgalikda shakllantirishga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi”, deya taʼkidladi.
Iqtisodiy yo‘nalishga alohida eʼtibor qaratildi. Bundan o‘n yil avval o‘zaro savdo aylanmasi 100 million dollardan sal ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 1,2 milliard dollarga yaqinlashdi. Faqatgina o‘tgan yilning o‘zida savdo hajmi qariyb 40 foizga oshdi. Ushbu natijalarni yuqori baholagan SMTI direktori bugungi kunda tomonlar shunchaki savdo aylanmasini oshirishdan chuqur sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yishga o‘tayotganini taʼkidladi.
Yirik infratuzilma tashabbuslarining ahamiyatiga to‘xtalgan SMTI direktori “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li hamda “Qambarota GES-1” qurilishi strategik ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Uning fikricha, ushbu megaloyihalarning ko‘lami ikki tomonlama kun tartibi doirasidan ancha keng bo‘lib, “amalda Yevroosiyoning yangi iqtisodiy geografiyasini shakllantirish haqida so‘z bormoqda”.
Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalariga to‘xtalgan Eldor Aripov: “So‘nggi yillar tajribasi yuqori va quyi oqimdagi davlatlar manfaatlarini anʼanaviy tarzda bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish yondashuvi asta-sekin o‘z dolzarbligini yo‘qotayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda”, – deya taʼkidladi. Uning qayd etishicha, mazkur yondashuv o‘rnini tomonlar manfaatlarini o‘zaro hisobga olish hamda umumiy tabiiy resurslardan foydalanishda jamoaviy masʼuliyat tamoyillari egallamoqda.
So‘zining yakunida SMTI direktori ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalar misli ko‘rilmagan darajada faollashganini qayd etdi. Xususan, so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Qirg‘iziston fuqarolari soni yetti barobardan ziyod oshib, o‘tgan yili 3,3 million nafarga yetdi. Bu O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Ekspertlar kengashi yakunlarini sarhisob qilar ekan, Eldor Aripov: “Bugun O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar shunday taraqqiyot bosqichiga yetdiki, endilikda hamkorligimizning muvaffaqiyati yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish qobiliyatiga emas, balki ochilayotgan imkoniyatlardan birgalikda samarali foydalanish mahoratiga bog‘liq”, – deya taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

