Logo

AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh eʼlon qilindi

Aprel 08, 2026. 10:32 • 3 daq

11
AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh eʼlon qilindi

VASHINGTON, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. AQSh Pokiston iltimosiga binoan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi zudlik bilan ochilishi sharti bilan Eronni bombardimon qilishni ikki haftaga to‘xtatishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “DW News”ga tayanib.

AQSh va Eron Pokiston iltimosiga binoan 2 haftalik sulhga erishdi. Bu haqda AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truthsocial tarmog‘ida yozib qoldirgan

“Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Asim Munir bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida, ular bugun kechasi Eronga yuborilayotgan halokatli kuchni vaqtincha to‘xtatib turishimni so‘radi. Shuningdek, Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, darhol va xavfsiz ochishga rozi bo‘lishi sharti bilan, men Eronga qarshi bombardimon va hujumlarni ikki hafta muddatga to‘xtatishga roziman. Bu ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish bo‘ladi! Buning sababi shundaki, biz allaqachon barcha harbiy maqsadlarimizga erishdik va hatto ulardan ham oshib ketdik.

Bundan tashqari, Eron bilan uzoq muddatli tinchlik bo‘yicha aniq kelishuvga erishish yo‘lida juda katta oldinga siljidik. Biz Erondan 10 banddan iborat taklif oldik va uni muzokaralar olib borish uchun maqbul asos deb hisoblaymiz. O‘tgan bahsli masalalarning deyarli barchasi AQSh va Eron o‘rtasida kelishib olingan. Ammo ikki haftalik muddat yakuniy kelishuvni to‘liq rasmiylashtirish va amalga oshirish imkonini beradi. AQSh Prezidenti sifatida, Yaqin Sharq mamlakatlari nomidan ham aytishim mumkinki, bu uzoq yillik muammo hal etilish arafasida turgani katta sharafli”, - degan Oq uy rahbari.

AQSh maʼmuriyati vakili “The New York Times” gazetasiga AQShning Eronga harbiy zarbalari allaqachon to‘xtatilganini aytdi. “CNN” telekanali Oq uy vakiliga tayanib xabar berishicha, Isroil ham Eronga zarbalarni ikki haftaga to‘xtatishga qo‘shilgan.

Eron OAVlariga ko‘ra, Tehron sulhga tayyorligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, Eron Vashingtonni qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga urushni to‘liq tugatish bo‘yicha o‘n banddan iborat rejasini qabul qilishga majbur qilib, AQSh ustidan “buyuk g‘alaba” qozongani aytilmoqda.

Bu rejani Eron avvalroq Pokiston orqali AQShga topshirgan, uning bandlari orasida Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish va kemalarning Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tishi uchun to‘lov joriy etish bor.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi ikki hafta ichida Eron Qurolli kuchlari bilan kelishilgan holda va texnik cheklovlarni hisobga olgan holda Hormuz bo‘g‘ozi kemalarning xavfsiz o‘tishi uchun ochilishini maʼlum qildi.

“DW” maʼlumotlariga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar 10 aprel kuni Islomobodda “Amerika tomoniga to‘liq ishonchsizlik bilan” bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi.

“NBC” telekanali surati

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish