AQSH va Eron Shveysariyada yuqori darajadagi muzokaralarning birinchi davrasini yakunladi

Iyun 22, 2026. 14:30 • 2 daq

89
AQSH va Eron Shveysariyada yuqori darajadagi muzokaralarning birinchi davrasini yakunladi

LYUTSЕRN, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH va Eron o‘rtasida urushni tugatish bo‘yicha yakuniy bitimga erishish yuzasidan o‘tkazilgan muzokaralarning birinchi davrasi “umidbaxsh yutuqlar” bilan yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” AAga tayanib.

Muzokaralar Vashington va Tehron o‘rtasida o‘tgan hafta o‘zaro anglashuv memorandumi onlayn tarzda imzolanganidan so‘ng 21-iyun kuni Shveysariyada boshlandi. Vositachilar – Qatar va Pokiston qo‘shma bayonotida tomonlar 60 kun ichida yakuniy bitimni tuzish uchun “Yo‘l xaritasi”ni kelishib olganini ma’lum qildi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, muzokaralar Livandagi mojaroni tugatish masalasida sezilarli yutuqqa olib kelgan.

Tomonlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida hodisalarning oldini olish uchun maxsus aloqa liniyasi hamda Livan yo‘nalishidagi harbiy amaliyotlarni to‘xtatish maqsadida AQSH, Eron va Livan o‘rtasida keskinlikni yumshatish mexanizmini yaratishga kelishib oldi.

Memorandum barcha jabhalarda jangovar harakatlarni to‘xtatishni, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni va 60 kun ichida yakuniy bitimni tayyorlashni nazarda tutadi. Biroq Vashington mojaroning asosiy sababi deb biladigan Eron yadroviy dasturi masalasi keyingi muzokaralar mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Diplomatik sa’y-harakatlar fonida Livanda keskinlik saqlanib qolmoqda. Kelishuv imzolangach, “Hizbulloh” va Isroil kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar kuchaydi. Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroilning mamlakat janubiga bergan zarbalari oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralar kuni Erondan Livandagi ittifoqchilarini to‘xtatishni talab qildi va mamlakatga yangi zarbalar berish bilan tahdid qildi. Eronning bosh muzokarachisi, mamlakat parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof Vashingtonning tahdidlarini rad etdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil qo‘shinlari mamlakatning shimoliy hududlari xavfsizligini ta’minlash uchun qancha zarur bo‘lsa, Livan janubida shuncha vaqt qolishini ta’kidladi. “Hizbulloh” yetakchisi Naim Qosim bu hududda Isroilning har qanday harbiy ishtiroki bo‘lishi ehtimolini inkor etdi.

AQSH va Eron o‘rtasidagi dastlabki kelishuv, shuningdek, Eronni tiklash uchun 300 milliard dollarlik rejani va Amerika sanksiyalarini bekor qilishni ham o‘z ichiga oladi. AQSH o‘z navbatida Eron portlariga kiradigan va ulardan chiqadigan kemalarga nisbatan harbiy qamalni bekor qilishga rozi bo‘ldi.

Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopganini e’lon qilganiga qaramay, kemalarni kuzatish ma’lumotlari ushbu yo‘nalish orqali tijorat kemalari harakati davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish