Logo

Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida 400 million dollarlik kelishuvlar imzolandi

Aprel 09, 2026. 12:11 • 2 daq

5
Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida 400 million dollarlik kelishuvlar imzolandi

KOBUL, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning nufuzli “Ariananews” telekanalida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo va investitsiya forumi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Farg‘ona viloyatida ikki davlat o‘rtasida yuqori darajadagi biznes forum bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvlar davomida umumiy qiymati 400 million dollardan ortiq, 20 ta savdo shartnomasi imzolangan. Bu kelishuv O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Afg‘oniston savdo delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida o‘tgan uchrashuvlarda ikki davlat xususiy sektor vakillari turli savdo va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Imzolangan shartnomalar to‘qimachilik, xomashyo, farmatsevtika va boshqa muhim sanoat sohalarini qamrab olgan.

Telekanal taʼkidlashicha, Afg‘oniston delegatsiyasiga mamlakat Savdo-sanoat palatasi rahbarining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Zalgay Azimiy boshchilik qilgan. Delegatsiya tarkibiga Abdulloh Rahimiy, Sayid Ahmad Nurzad, Ubaydulloh Hotak va Mirzaman Popal kabi taniqli biznes vakillari ham kirgan.

Muzokaralar davomida ishtirokchilar chegaralararo savdoni rivojlantirish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash muhimligini aytilgan.

Tashrif davomida afg‘on delegatsiyasi aʼzolari Farg‘ona viloyatidagi yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurib, O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishdilar hamda kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rgangan.

“Bu kelishuvlar Afg‘oniston uchun juda muhim bir paytda amalga oshirildi. Chunki mamlakat uzoq yillik mojarolar va iqtisodiy qiyinchiliklardan keyin iqtisodiyotini tiklashga harakat qilmoqda”, deya qayd etilgan materialda.

Markaziy Osiyoda O‘zbekiston Afg‘onistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanib bormoqda. Ikki davlat transport, energetika va chegaralararo savdoni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy savdo yo‘laklariga ulashga qaratilgan infratuzilma loyihalarini ham qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, bunday yirik kelishuvlar yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish va Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy tizimga bosqichma-bosqich integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

Umuman olganda, mazkur kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi. Tomonlar geografik yaqinlikdan samarali foydalanib, uni kuchli iqtisodiy hamkorlikka aylantirishga intilayotgani taʼkidlanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish