Toshkentda texnologik diplomatiya va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Oktabr 14, 2026. 17:30 • 4 daq
• 21TOSHKЕNT, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nufuzli tadbirda Markaziy Osiyo hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, texnologiya va biznes sohalari, akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Simpozium O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Texnologik diplomatiya xalqaro instituti (Tech Diplomacy Global Institute, TDGI) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ishtirokchilarning asosiy e’tibori texnologik diplomatiyani rivojlantirishning amaliy mexanizmlari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy salohiyatni mustahkamlash masalalariga qaratildi.
Simpozium 2025-yil 1-noyabr kuni YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida qabul qilingan Texnologik diplomatiya bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasiga asoslangan xalqaro tashabbusning uzviy davomi bo‘ldi.
Mazkur hujjat sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning shiddat bilan tarqalishi hamda kiberxavfsizlik sohasidagi yangi xavf-xatarlar sharoitida texnologik diplomatiyani institutsional jihatdan rivojlantirish va diplomatik xizmatlar salohiyatini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev xalqaro texnologik hamkorlik faqat texnologiya almashinuvi bilan cheklanib qolmasdan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, malakali kadrlar tayyorlash va mahalliy innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga olishi lozimligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun sun’iy intellekt, raqamli sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv tejovchi texnologiyalar va zamonaviy infratuzilma sohalaridagi qo‘shma loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi. U inson kapitaliga investitsiya kiritish, akademik almashinuvlarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish, muhandislar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqish muhim yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdi.
“Odamlar, ularning bilimi va ko‘nikmalari texnologik hamkorlikning markazida turishi lozim”, – deya ta’kidladi Bahromjon A’loyev. U hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova raqamli transformatsiya ta’sirida diplomatiyaning mohiyati o‘zgarib borayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro munosabatlarga daxldor qarorlar bugungi kunda nafaqat davlat idoralari, balki texnologik kompaniyalar, investorlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xalqaro texnik standartlarni ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan ham qabul qilinmoqda.
Sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, transchegaraviy ma’lumotlar oqimi va kiberxavfsizlik masalalari milliy xavfsizlik, iqtisodiy raqobatbardoshlik va xalqaro munosabatlarga tobora kuchliroq ta’sir o‘tkazmoqda.
Bunday sharoitda texnologik diplomatiya turli tomonlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va innovatsiyalarning mas’uliyat bilan joriy etilishini ta’minlashda muhim vositaga aylanmoqda.
TDGI asoschisi va prezidenti Ayumi Mur Aoki tomonidan Samarqand deklaratsiyasini tatbiq etish bo‘yicha Toshkent bayonotining taqdim etilishi tadbirning muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi. Ushbu hujjat tashabbusni amalga oshirishning kelgusi yo‘nalishlarini belgilash hamda texnologik diplomatiyaning xalqaro kun tartibida mintaqaviy ustuvor manfaatlarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Ayumi Mur Aoki O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishni rivojlantirishdagi roliga yuksak baho berib, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro muloqotni faol qo‘llab-quvvatlayotganini, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya masalalariga katta e’tibor qaratayotganini e’tirof etdi.
Uning fikricha, texnologik diplomatiya hukumatlarning texnologiya kompaniyalari, ilmiy doiralar, tadqiqotchilar va xalqaro tashkilotlar bilan uzviy hamkorligini nazarda tutadi. Bunday yondashuv yangi texnologiyalar butun jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi uchun turli tomonlarning ekspertlik bilimlari va amaliy imkoniyatlarini birlashtirishga imkon beradi.
Ayumi Mur Aoki texnologik suverenitetga faqat davlatning barcha zarur yechimlarni mustaqil ta’minlash qobiliyati sifatidagina qaramaslik lozimligini ta’kidladi. Bunda xalqaro ishonch, sheriklik rishtalari hamda davlatlarning texnologiyalarni birgalikda rivojlantirish va o‘z fuqarolarining raqamli imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan intilishi muhim o‘rin tutadi.
Ishbilarmonlik dasturi yakunida xorijiy mehmonlar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi va ular mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


