Yaponiyaning Mayzuru shahrida O‘zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyati keng taqdim etildi

Oktabr 14, 2026. 17:00 • 3 daq

• 53

MAYZURU, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 9–12-oktabr kunlari Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov va Rishton tumani hokimi Bahodir Holiqov boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaning Mayzuru shahriga tashrifi o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Mayzuru shahri meri Akitsu Kamoda, shahar deputatlar kengashi raisi Ryuji Kimotsuki va Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi deputati Taro Xonda bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda hududlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalar, turizm, ta’lim, madaniyat va kadrlar tayyorlash sohalaridagi istiqbolli loyihalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, 11-oktabr kuni Mayzuru shahri meriyasi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda elchixona hamkorligida O‘zbekiston, Farg‘ona viloyati va Rishton tumanining iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi. Unda mahalliy hokimiyat, parlament, biznes va turizm doiralari vakillari hamda vatandoshlardan iborat 110 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Mayzuru shahri meri Akitsu Kamoda Rishton tumani va Mayzuru shahri o‘rtasida 2026-yil 27-may kuni imzolangan birodarlik bitimi ikki hudud o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lganini ta’kidladi.

Mayzuru savdo-sanoat palatasi prezidenti Yudzi Kotani o‘z navbatida quyidagilarni qayd etdi:

“Mayzuru shahri va Rishton tumani o‘rtasida tarixiy aloqalar, madaniy-gumanitar hamkorlik va kadrlar almashinuvi asosida yo‘lga qo‘yilgan munosabatlar endi biznes sohasida ham davom etishiga ishonaman. Birodarlashgan hududlarni yagona oiladek tasavvur qilaman va bu yaqinlik tadbirkorlar o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochishiga umid qilaman”.

Safar doirasida “Hayashi Plywood Industrial Co., Ltd.”, “Maizuru Chamber of Commerce and Industry”, “Maizuru Travel Co., Ltd.” va “Kinki Nippon Tourist” kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar tashkil etildi. Ularda o‘zbek mahsulotlarini Yaponiya bozoriga eksport qilish, savdo-iqtisodiy loyihalarni ishlab chiqish, yapon sayyohlari uchun maxsus turistik paketlar shakllantirish, shuningdek, mehnat migratsiyasi va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, elchixona tomonidan Yaponiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Vatandoshlarimiz issiqlik va atom elektr stansiyalari, qurilish, yog‘ochga ishlov berish hamda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish sohalarida malakali mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Ular mehnat qilayotgan kompaniyalar bilan hamkorlikda O‘zbekiston yoshlarini Yaponiyaga ishga jalb qilish, kasbiy malakasini oshirish va munosib ish bilan ta’minlash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Delegatsiya a’zolari, shuningdek, shahar muzeylariga tashrif buyurib, tarixiy xotira va tinchlikni asrashga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdilar.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, birodarlik munosabatlarini aniq amaliy loyihalar bilan boyitish hamda savdo, investitsiya va turizm sohalarida keng ko‘lamli sheriklik imkoniyatlarini ochishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish