“The Times”: Nima uchun madaniyat shaydolari O‘zbekiston sari oshiqmoqda?
Dekabr 22, 2025. 18:56 • 2 daq
• 830
LONDON, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning ommabop “The Times” gazetasida “Nima uchun madaniyat shaydolari O‘zbekiston sari oshiqmoqda?” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, qadimda Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan Samarqand shahri dunyo sayyohlari uchun muqaddas maskan sanalgan. Mehmonlar Samarqand orqali Buxoro zamini sari otlangan. Savdogar va sayyohlar dunyo madaniyati va sanʼati markazi hisoblangan bu maskanlarga kelish uchun sahroyu ulkan tog‘ tizmalari, cheksiz kengliklarni bosib o‘tgan.
Bugungi kunda ham ushbu zaminda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bu yerdagi mahobatli maqbaralar, milliy qadriyat va urf-odatlar sayohatchilarni yana O‘zbekistonga chorlamoqda.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston ulkan madaniy salohiyatga ega bo‘lsa-da, uzoq vaqt davomida bu yerda turizm rag‘batlantirilmagan. Mamlakat Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan yillarda (1991-yilgacha) va hatto 2016-yilgacha ham bu yerda erkin harakatlanish deyarli imkonsiz edi. O‘sha paytlarda viza olish murakkab vazifa, hujjatlar yig‘ish esa zerikarli jarayon bo‘lgan. Biroq hozirgi hukumat turizmdan iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘li sifatida foydalanmoqda.
“O‘zbekistonda turizm sohasiga berilayotgan katta eʼtibor tufayli eski sovet infratuzilmasi tez va samarali tarzda modernizatsiya qilinmoqda. Ozoda, tezkor va konditsionerli qulay poyezdlar, xalqaro brendlarga tegishli bo‘lgan yangi mehmonxonalar paydo bo‘ldi. Poytaxt Toshkentdan Samarqandga poyezdda borish bor-yo‘g‘i ikki soatni tashkil etadi”, – deya taʼkidlangan materialda.
Shuningdek, materialda Londondagi Britaniya muzeyida O‘zbekiston madaniyati va tarixi haqida hikoya qiluvchi “Ipak yo‘li” hamda Parijdagi Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalarining ulug‘vorligi” nomli ko‘rgazmalar tashkil etilgani xususida maʼlumotlar berilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi