Logo

Ispaniyada tezyurar poyezdlar yirik halokatga uchradi

Yanvar 19, 2026. 18:39 • 58 soniya

40
Ispaniyada tezyurar poyezdlar yirik halokatga uchradi

MADRID, 19 yanvar. /“Dunyo” AA/. Kecha kechqurun Ispaniyaning Kordova shahri yaqinida ikkita tezyurar poyezd ishtirokida jiddiy temir yo‘l halokati sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Ispaniya OAVlariga tayanib.

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Italiyaning “Iryo” kompaniyasining Malaga–Madrid yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezd Adamus stansiyasiga kiraverishda strelkali o‘tkazgichda relsdan chiqib ketgan. O‘sha paytda vagonlardan biri Madriddan Uelva provinsiyasiga ketayotgan “Renfe” kompaniyasi poyezdi harakatlanayotgan qo‘shni yo‘lda paydo bo‘ladi. Natijada, to‘qnashuv sodir bo‘lib, ikkinchi tarkib ham izdan chiqqan.

Halokatga uchragan poyezdlarda 500 nafarga yaqin odam bo‘lgan.

Ispaniya fuqarolik gvardiyasining so‘nggi maʼlumotlariga ko‘ra, halokat oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan, kamida 152 kishi jarohatlangan, ulardan 24 nafari og‘ir ahvolda. Voqea joyida favqulodda xizmatlar o‘z ishini davom ettirmoqda.

Ispaniya transport vaziri Oskar Puente sodir bo‘lgan voqeani “o‘ta og‘ir hodisa” deb atadi. Bosh vazir Pedro Sanches fojia munosabati bilan muxolifat yetakchisi Alberto Nunyes Feyxoo bilan rejalashtirilgan uchrashuvni qoldirdi.

Halok bo‘lganlarning oilalariga Yevropa institutlari vakillari hamdardlik bildirdi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen “Kordovadan kelgan yangiliklardan qattiq taʼsirlanganini” aytdi va jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishni tiladi.

Halokat sabablari tekshirilmoqda.

Ispaniyada uch kunlik motam eʼlon qilindi.

“Reuters” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish