Logo

BAA Prezidenti O‘zbekiston elchisini Birinchi darajali “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirladi

Yanvar 19, 2026. 20:03 • 52 soniya

26
BAA Prezidenti O‘zbekiston elchisini Birinchi darajali “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirladi

ABU-DABI, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon O‘zbekistonning ushbu davlatdagi elchisi Abdulaziz Aqqulovni mamlakatdagi elchilik faoliyati yakunlanishi munosabati bilan Birinchi darajali “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu yuksak mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Davlat vaziri Said bin Muborak Al-Hajriy topshirdi.

Muloqot chog‘ida vazir BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari haqida to‘xtalib, barcha sohalarda munosabatlarni yana-da rivojlantirishga sodiqligini taʼkidladi.

Al-Hajriy elchiga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilab, uning vakolati doirasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi o‘rnini yuqori baholadi.

O‘z navbatida, Abdulaziz Aqqulov Prezident Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga chuqur minnatdorlik bildirib, BAA rahbariyati mamlakatning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlashga qatʼiy intilayotganini aks ettiruvchi taraqqiyot va yutuqlarni eʼtirof etdi.

Uchrashuv yakunida diplomatimiz o‘zaro aloqalarni mustahkamlash missiyasi muvaffaqiyatiga hissa qo‘shgan hamkorlik uchun hukumat tarkibidagi barcha idoralarga minnatdorlik izhor etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq elchi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish