TIV: 2025-yilda O‘zbekiston tashqi siyosati geografiyasi misli ko‘rilmagan darajada kengaydi
Dekabr 29, 2025. 18:13 • 7 daq
• 110
TOSHKENT, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil davomida amalga oshirgan tashqi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, 2025-yil Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati tarixida mutlaqo yangi bosqichni boshlab bergan, misli ko‘rilmagan va chuqur strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yil sifatida muhrlandi. Mazkur davrda mamlakatimiz tashqi siyosati nafaqat faollik va izchillik bilan, balki aniq siyosiy natijalar, keng xalqaro eʼtirof va global ishonch bilan namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilgan faol, tashabbuskor va uzoqni ko‘zlagan tashqi siyosat mamlakatimizni xalqaro maydonda ochiq muloqotga tayyor, masʼuliyatli va ishonchli sherik sifatidagi mavqeyini yana-da mustahkamladi.
Yil davomida O‘zbekiston Prezidentining xorijga 28 ta tashrifi, xorijdan mamlakatimizga Oliy darajada 23 ta tashrif amalga oshirildi. Ulardan 7 tasi davlat, 17 tasi rasmiy va 27 ta amaliy. Tashriflar natijasida siyosiy muloqotlar mazmunan chuqurlashib, strategik sherikliklar yangi yo‘nalishlar bilan boyidi, uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlovchi aniq kelishuvlar va amaliy mexanizmlar shakllantirildi.
Shu bilan birga, 20 ga yaqin xalqaro tadbirlarda davlatimiz rahbarining ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol va tashabbuskor pozitsiyasini yaqqol namoyon etib, mamlakatimizning mintaqaviy va global kun tartibidagi rolini sezilarli darajada oshirdi.
Dunyoning turli mintaqalaridan oliy martabali vakillar ishtirokida O‘zbekistonda o‘tkazilgan 10 ta nufuzli xalqaro tadbirga yurtimizning mezbonligi esa xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizga bo‘lgan yuqori darajadagi ishonchi, ortib borayotgan eʼtibori va O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yana-da kengaytirishga bo‘lgan qatʼiy intilishining yorqin ifodasiga aylandi. Mamlakatimiz tomonidan mintaqaviy hamkorlik va barqaror taraqqiyotga qaratilgan 100 ga yaqin muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz O‘zbekiston diplomatiyasini global sahnada ilgari surish yo‘lida hamkorlar bilan doimiy muloqotda. Davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarning to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishi qatʼiy nazoratda.
2025-yilda O‘zbekiston tashqi siyosati geografiya va mazmun jihatidan misli ko‘rilmagan darajada kengaydi. Yetakchi davlatlar, strategik sheriklar hamda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan siyosiy muloqotlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi, ishonchliligi va siyosiy irodasi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Yil davomida olib borilgan muvozanatli, ochiq va pragmatik diplomatiya natijasida O‘zbekiston tashqi siyosiy kun tartibi juda boy bo‘ldi. Ushbu jarayonlar nafaqat siyosiy muloqotni jadallashtirdi, balki iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida uzoq muddatli va barqaror hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. Yangi ko‘priklar barpo etilda, mavjudlari mustahkamlandi.
Yil davomida mamlakatimizga 600 dan ortiq yuqori darajadagi xorijiy tashriflar amalga oshirilgan. O‘zbekiston delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga 700 ga yaqin yuqori darajadagi tashriflari tashkil etilgani mazkur yo‘nalishda olib borilgan faol va natijador diplomatiyaning yaqqol tasdig‘idir.
Mazkur muloqotlar O‘zbekistonning mintaqaviy va global jarayonlardagi faol ishtirokini yana-da mustahkamlab, mamlakatimizning barqaror rivojlanish, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka qatʼiy sodiqligini amalda tasdiqladi.
Yil davomida O‘zbekiston TIV rahbariyati tomonidan xorijiy davlatlarga 50 dan ziyod tashriflar amalga oshirildi. Umumiy hisobda xorijlik hamkorlar bilan 2 mingga yaqin yuqori darajadagi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Ular doirasida siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, amaldagi kelishuvlarning ijrosi, joriy masalalarning tezkor hal etilishi va doimiy diplomatik aloqalarni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xorijiy davlatlar tashqi ishlar vazirlari tomonidan O‘zbekistonga amalga oshirilgan 16 ta tashrif mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat berib, yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yangi bosqichga olib chiqdi.
Bundan tashqari, chet ellarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari darajasida ishtirok etilgan 29 ta ko‘p tomonlama tadbir orqali mamlakatimizning mintaqaviy va global kun tartibidagi faol ishtiroki taʼminlanib, xalqaro tuzilmalar doirasida O‘zbekistonning tashabbuslari va ustuvor yondashuvlari izchil ilgari surildi.
Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari bilan o‘tkazilgan 150 dan ziyod uchrashuvlar O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosat yuritayotganini yana bir bor namoyon etib, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy vakolatxonalar bilan o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu o‘rinda iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi ishlar sezilarli darajada kuchaytirildi. Elchixonalarimiz ilgarigidek ayrim viloyat va tumanlar bilan emas, balki O‘zbekistonning 14 ta hududi, 208 ta shahar va tumanlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash mexanizmi joriy etildi. O‘z navbatida “TIV – Elchixonalar – vazirlik, tarmoqlar va hududlar” formatida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Yana bir amaliy yo‘nalish – bu viloyatlar delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga ishchi safarlarini tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Mazkur tashriflarda vazirlik tashabbusi bilan joriy etilgan “Biznes pul” asosida respublikaning yirik tadbirkorlari ishtiroki taʼminlandi.
2025-yil davomida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida mamlakatimiz hududlarida 80 dan ortiq, xorijda esa 200 ga yaqin biznes-forum, 25 ta “Investorlar kuni” tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 2 mingga yaqin xorijiy kompaniya ishtiroki taʼminlandi. Bu saʼy-harakatlar hududlarning investitsiyaviy salohiyatini keng targ‘ib etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, yil davomida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokida 200 dan ortiq milliy eksportchi korxonalarga xorijiy hamkorlar topish, yangi bozorlar bilan bog‘lanish va eksport geografiyasini kengaytirish borasida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
2025-yilda 310 ta ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma va hujjatlar imzolandi. 9 ta hujjat orqali strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi, mavjudlari yangi bosqichga ko‘tarildi, 9 ta davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilda, hamkorlar geografiyasi yana kengaydi.
Xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot, ularni mamlakatimizda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga jalb etish hamda Vatanga daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirildi. Bu jarayon konsullik yordamini faqat huquqiy xizmat emas, balki davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida shakllantirishga xizmat qildi.
Yil davomida konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
– 162,376 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
– 15,215 nafar yurtdoshimizning xorijda ish bilan taʼminlanishiga ko‘maklashildi;
– og‘ir moddiy vaziyatga tushib qolgan 4,085 nafar fuqaroga 746,500 AQSH dollari miqdorida yordam ajratildi;
– xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lgan 2,000 nafar fuqaroning ozod etilishiga erishildi;
– murakkab hayotiy sharoitga tushgan, jumladan voyaga yetmaganlar, boquvchisiz qolgan shaxslar va odam savdosi qurbonlari bo‘lgan jami 250 nafar fuqaro Vatanga qaytarildi.
Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 5,500 nafardan ortiq madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, ularga 100,000 nafarga yaqin yurtdoshlarimiz jalb qilindi. Yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 154,181 ta murojaat qabul qilinib, ularning aksariyati belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi va amaliy yechimlar bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, yil davomida chet el fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish bo‘yicha 188,299 ta viza rasmiylashtirildi.
Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning ochiqlik, qulaylik va, eng asosiysi, xalqimiz, fuqarolarimiz manfaatlarini himoya qilish tamoyillariga asoslangan konsullik siyosati izchil amalga oshirilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
2025-yilda O‘zbekiston TIVning axborot siyosati mamlakatimizning ochiq va konstruktiv tashqi siyosatini xalqaro axborot makonida izchil targ‘ib etishga qaratildi. TIV va “Dunyo” axborot agentligining rasmiy platformalari orqali 22 708 ta axborot materiali eʼlon qilinib, vakolatxonalarimiz ko‘magida 6000 dan ortiq maqolalar nufuzli xorijiy OAVlarda chop etildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar auditoriyasi 230 000 nafarga yaqin obunachiga yetdi.
O‘zbekistonning turistik va madaniy salohiyatini targ‘ib etish doirasida 712 nafar xorijiy turoperator, 450 nafar media vakili va 269 ta travel-blogerning tashriflari tashkil etildi. Shuningdek, obunachilari 10 milliondan ortiq bo‘lgan 30 ga yaqin bloger va inflyuyenserlar diplomatik vakolatxonalar orqali mamlakatimizga jalb etildi.
Yil davomida yirik xalqaro tadbirlarni yoritish maqsadida 3 400 dan ortiq xorijiy OAV vakillari Vazirlik huzurida akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Umuman olganda, amalga oshirilgan ushbu axborot faoliyati O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosatini xalqaro miqyosda izchil namoyon etib, mamlakatimizning ijobiy imiji, “yumshoq kuch” salohiyati va global axborot makonidagi nufuzini sezilarli darajada mustahkamladi.
2025-yil Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi uchun mazmunan boy, natijalarga yo‘naltirilgan va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan yil sifatida yodda qoldi. Faol tashqi siyosat, ochiq va pragmatik yondashuv, puxta huquqiy asoslar, kuchli axborot siyosati xalqaro maydondagi o‘rnini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Har bir olib borilgan muzokara, imzolangan hujjat, mustahkamlangan sheriklik va himoya qilingan fuqaro manfaatlari mamlakatimizning barqaror rivojlanishi va xalqaro maydondagi mustahkam o‘rniga xizmat qildi.
Bu yo‘ldagi har bir qadam izchil hamkorlik, o‘zaro ishonch va uzoq muddatli taraqqiyotga qaratilgan tarixiy saʼy-harakatlarning uzviy davomidir. Yangi yil arafasida ushbu yutuqlar kelgusi davr uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishiga ishonchimiz komil. Oldinda yana-da keng imkoniyatlar, yangi tashabbuslar va yuksak marralar turibdi.
2026-yil barchamiz uchun tinchlik, barqarorlik va yangi yutuqlarga boy yil bo‘lsin. O‘zbekiston tashqi siyosati yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu va izchil saʼy-harakatlar kelgusi yilda ham mamlakatimiz nufuzi, taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi