Logo

Toshkent viloyati delegatsiyasi Lahordagi muzokaralar chog‘ida Pokiston va boshqa mamlakatlarga mahsulot eksportini kengaytirish bo‘yicha aniq loyihalarni muhokama qilmoqda

Mart 13, 2026. 15:54 • 2 daq

18
Toshkent viloyati delegatsiyasi Lahordagi muzokaralar chog‘ida Pokiston va boshqa mamlakatlarga mahsulot eksportini kengaytirish bo‘yicha aniq loyihalarni muhokama qilmoqda

LAHOR, 13-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Pokistonga amaliy tashrifi doirasida Lahor shahrida “Zarea” rahbari Ali Alam Qamar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Toshkent viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda “Zarea” kompaniyasi orqali Toshkent viloyati iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilish va elektron tijorat sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ali Alam Qamar kompaniyaning xalqaro bozordagi o‘rni va zamonaviy elektron savdo platformasi sifatida faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, “Zarea” tekstil, qishloq xo‘jaligi tovarlari va qurilish materiallarini Pokiston ichki bozori hamda Ko‘rfaz va Yaqin Sharq davlatlariga eksport qiladi.

O‘z navbatida, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni, jumladan uzum va quritilgan mevalarni Yaqin Sharq bozoriga chiqarishda “Zarea” bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda zamonaviy omborxonalar va logistika markazlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini eksport qilish va qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Toshkent viloyati hokimligi va “Zarea” kompaniyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid hamkorlik kelishuvi imzolandi. Tomonlar bunday hamkorlik ikki davlat ishbilarmon doiralari uchun ham manfaatli bo‘lishi va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish