Logo

Akramjon Ne’matov: O‘zbekiston-Tojikiston ittifoqchiligi Markaziy Osiyo barqarorligining poydevoriga aylanmoqda

Mart 13, 2026. 13:00 • 3 daq

Akramjon Ne’matov: O‘zbekiston-Tojikiston ittifoqchiligi Markaziy Osiyo barqarorligining poydevoriga aylanmoqda

TOSHKENT, 13-mart. /“Dunyo” AA/. Davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov “O‘zbekiston-Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki mamlakatning yetakchi ekspertlari, mutaxassislari, olimlari va tahliliy, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etildi va ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha mazmunli fikr almashish uchun muhim ekspert maydoniga aylandi.

Ekspert shiddatli global o‘zgarishlar va mintaqaviy muhitdagi bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar sharoitida ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari tahdidlarni yengib o‘tish va butun mintaqa barqarorligini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bugungi kunda munosabatlarimiz misli ko‘rilmagan yuksalishda, o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni boshdan kechirmoqda. Biz keskinlik omili bo‘lgan avvalgi kelishmovchiliklarni yengib o‘tib, ilg‘or taraqqiyot yo‘liga o‘tdik”.

Spiker ta’kidlaganidek, ushbu imkoniyat davlat rahbarlari - Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning qat’iy siyosiy irodasi, strategik qarashlari va izchil sa’y-harakatlari tufayli yuzaga keldi. “Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasida har tomonlama siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u chinakam tizimli xarakterga ega. U nafaqat davlat rahbarlari darajasida, balki mamlakatlarimiz hukumatlari, vazirliklari, parlamentlari va hududlari o‘rtasida ham faol amalga oshirilmoqda”, - dedi ekspert.

Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarning ishonchli institusional tayanchi bo‘lib xizmat qilayotgan hamda xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlayotgan siyosiy hamkorlikning mustahkam arxitekturasi shakllangani ta’kidlandi.

Akramjon Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning bunday zichligi barqaror o‘sishni namoyish etayotgan tovar ayirboshlash dinamikasida ijobiy aks etmoqda: 2016-yildan buyon ikki tomonlama savdo deyarli to‘rt barobarga oshib, 2025-yil yakuniga ko‘ra 900 million dollardan oshdi.

Bunda uning tarkibi sifat jihatidan transformatsiya qilinayotgani alohida ta’kidlandi: xomashyo tovarlari (alyuminiy, energiya resurslari, paxta va ko‘mir) o‘rnini yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar, jumladan, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mashina va uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari egallamoqda.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning yangi modeli shakllanmoqda - oddiy savdo o‘rnini sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sheriklik egallamoqda”, - dedi SMTI vakili.

Buning tasdig‘i sifatida u O‘zbekistonda Tojikiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni o‘n yil oldin atigi 23 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda qariyb 340 taga yetgani haqidagi ma’lumotlarni keltirdi.

Birgalikda qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika ishlab chiqarish muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilmoqda, Tojikiston xomashyosi va O‘zbekiston texnologiyalari asosida to‘qimachilik kooperatsiyasi faol rivojlanmoqda.

Uning fikricha, global logistika aloqalarining uzilishi sharoitida bunday kooperatsiya mintaqaviy barqarorlik masalasiga aylanadi. “Davlatlarning iqtisodiy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashi xavfsizlikning muhim omiliga aylanmoqda. Umumiy ishlab chiqarish va texnologik makonning shakllanishi tashqi shoklarga qaramlikni kamaytiradi, qimmat import o‘rnini bosadi, iste’mol narxlarini pasaytiradi va istiqbolli tarmoqlarga sarmoya kiritish uchun qo‘shimcha resurslarni ajratib beradi”, - deya ta’kidladi ekspert.

SMTI vakili ikki tomonlama sanoat kooperatsiyasining rivojlanishi uchinchi mamlakatlar, birinchi navbatda, Afg‘oniston va Janubiy Osiyo davlatlari bozorlariga birgalikda chiqish uchun istiqbollar ochishiga ishonchi komil. Ekspertning fikricha, ushbu mamlakatlarda aholi sonining o‘sishi, iqtisodiyotning rivojlanishi va vaziyatning asta-sekin barqarorlashuvi bilan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab ortadi.

Xulosa qilar ekan, Akramjon Ne’matov bugungi kunda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli - strategik pragmatizm, tarixiy-madaniy yaqinlik va uzoq muddatli rivojlanish maqsadlarining mos kelishiga asoslangan ittifoqchilik modeli shakllanayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday model butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va mustahkamligining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish