Indoneziya poytaxti markaziy ekranlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish yetilmoqda
Mart 14, 2026. 15:00 • 2 daq
• 34
JAKARTA, 14-mart. /“Dunyo” AA/. Indoneziya poytaxtida O‘zbekistonning turizm salohiyatini jamoat transporti infratuzilmasi orqali targ‘ib qilishga qaratilgan reklama kampaniyasining yangi bosqichi boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu kampaniya doirasida markaziy metro bekatlarida joylashgan raqamli LED ekranlar vositasida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi, ziyorat turizmi salohiyati va zamonaviy turistik infratuzilmasini namoyon etuvchi “Visit Uzbekistan – Homeland of Imam Bukhari” yagona brendi ostida tayyorlangan videokontent namoyishi tashkil etildi.
Targ‘ibot kampaniyasi Jakarta shahridagi metro tizimidagi yirik transport xablaridan biri hisoblangan “Blok M BCA” hamda “Dukuh Atas” bekatlarida joriy yil fevral-aprel oylari davomida amalga oshiriladi. O‘zbekistonning turizm salohiyatiga oid materiallar ushbu bekat platformalarida joylashgan raqamli ekranlarda namoyish etiladi.
Kontentda Samarqand, Buxoro va boshqa tarixiy shaharlar, islom sivilizatsiyasiga oid yodgorliklar, tabiiy manzaralar hamda mamlakatning turistik infratuzilmasi aks ettirilgan.
Shu o‘rinda taʼkidlab o‘tish joizki, yanvar-iyun oylari davomida Jakarta markazida joylashgan “Grand Indonesia” savdo majmuasi fasadidagi LED ekranlarda “Visit Uzbekistan – Homeland of Imam Bukhari” yagona brendi ostida tayyorlangan videokontent namoyish etilib kelinmoqda.
Reklama kampaniyasini kengaytirish bo‘yicha hamkor tashkilot bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Jakarta shahrining markaziy ko‘chasida joylashgan “Indonesia Stock Exchange Building” ko‘p qavatli ofis binosi old qismida joylashgan “IDX Front LED” ekranida targ‘ibot materiallarini mart-iyun oylari davomida qo‘shimcha ravishda namoyish etishga kelishildi. Targ‘ibot 10 martdan boshlandi.
Ushbu kampaniya Indoneziyada O‘zbekistonning sayyohlik va ziyorat salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha keng qamrovli dasturning bir qismi bo‘lib, auditoriyani maksimal darajada qamrab olish uchun raqamli va tashqi ommaviy axborot vositalarini birlashtiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi