Turkmanistonda O‘zbekiston Vatan himoyachilari kuni bayram tadbiri o‘tkazildi
Yanvar 15, 2026. 16:24 • 2 daq
• 63ASHXOBOD, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkmaniston poytaxtida O‘zbekiston Vatan himoyachilar kuni va Qurolli Kuchlar tashkil topganining 34 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Turkmaniston mudofaa, milliy xavfsizlik, tashqi ishlar vazirliklari, migratsiya, chegara, bojxona xizmatlari, akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va harbiy attashelari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda turkman tomonidan faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Mudofaa vaziri o‘rinbosari Bekmirat Sultanov qatnashdi.
Bekmirat Sultanov O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyati va yuksak maʼnaviyati mamlakat mudofaa tizimining mustahkam ustuni ekanini taʼkidladi. Qurolli Kuchlarning shonli tarixi, buyuk ajdodlarning jasorati, yurtimizdan yetishib chiqqan yengilmas sarkardalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston armiyasining kuchi va qudrati, avvalo, harbiy xizmatchilar va butun xalqning birligi va hamjihatligiga bog‘liq. Vatan mustaqilligi, aholining tinch va farovon hayotini taʼminlashning ishonchli kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari so‘nggi yillar davomida murakkab, biroq shonli rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar natijasida milliy armiyaning jangovar salohiyati sezilarli darajada oshgani taʼkidlandi. Xususan, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tobora kuchli, harakatchan va samarali bo‘lib, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga tezkor hamda munosib javob qaytarish qobiliyatini namoyon etmoqda.
Turkmaniston Mudofaa vaziri o‘rinbosari bugungi kunda O‘zbekiston harbiy xizmatchilari nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy faoliyatda ham o‘zlarining yuqori professional tayyorgarlik darajasini ko‘rsatayotganini taʼkidladi. O‘zbekiston vakillari xalqaro harbiy mashqlar, sport va harbiy musobaqalarda ishtirok etib, yuksak mahorat, matonat va g‘alabaga intilish fazilatlarini namoyish etayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalari ikki davlat rahbarlarining doimiy eʼtibori va qo‘llab-quvvatlashi ostida yaqin do‘stlik va ahil qo‘shnichilik ruhida izchil rivojlanib borayotgani eʼtirof etildi. To‘plangan ko‘p yillik ijobiy tajriba siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va harbiy sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli asosda rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning madaniy, turizm va investitsiya salohiyati ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilariga o‘zbek milliy madaniyati va xalq amaliy sanʼati namunalari hamda mamlakatimizning sayyohlik yo‘nalishlari bo‘lgan Toshkent, Samarqand, Xiva, Urganch, Buxoro va boshqa shaharlarning ulug‘vor meʼmorchilik durdonalari va tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylari xaqidagi foto-video taqdimotlar namoyish etildi.
Turkmanistonlik sanʼatkorlar ijrosida yangragan o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilarining kayfiyatini yanada ko‘tarib, tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




