Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi

Oktabr 17, 2026. 17:00 • 3 daq

• 171
Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi
Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi
Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi
Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi
Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi
Tokioda ilk bor xalqaro moda ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni namoyish etildi

TOKIO, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi Tokio shahridagi “Tokyo Big Sight” ko‘rgazma majmuasida bo‘lib o‘tgan “FaW TOKYO (Fashion World Tokyo)”xalqaro moda va to‘qimachilik mahsulotlari ko‘rgazmasida ilk bor milliy pavilyon bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 20 ta davlatidan 800 ga yaqin kompaniya qatnashgan mazkur nufuzli tadbirda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlari, poyabzal, sumkalar, aksessuarlar, matolar, shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va ekologik yechimlar namoyish etildi. Ko‘rgazmaga jami 20 mingdan ziyod kishi tashrif buyurdi.

O‘zbekiston milliy pavilyoni ostida beshta mahalliy korxona — “Sam Rafoat Tekstil”, “Vodiy Expo”, “Imron Textile Group”, “Miranza Home Textile” va “Shan-Teks” o‘z mahsulotlari bilan qatnashib, yapon va xorijiy mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir doirasida yapon savdo kompaniyalari va o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘rtasida B2B formatdagi ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etildi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistondan to‘qimachilik mahsulotlarini xarid qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalarini o‘rnatish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvlar yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston bilan to‘qimachilik sohasida yaqin hamkorlik qilib kelayotgan Yaponiyaning “MASUI CO., LTD.”kompaniyasi tajribasi alohida e’tiborga loyiqligi ta’kidlandi.

Kompaniya vakili Chinori Tokitaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur korxona O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “Samarqandaryo”paxta ip-kalavasini Yaponiyaga eksport qiladi va ularni mashhur “Imabari” sochiqlari kabi yuqori sifatli yapon mahsulotlarini tayyorlash uchun yetkazib beradi.

Uning qayd etishicha, o‘zbek ip-kalavasini Yaponiya bozoriga eksport qilish ishlari 11 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda, kompaniyaning O‘zbekiston bilan hamkorlik tarixi esa 2000-yilda Namangan viloyatida ipak fabrikasi tashkil etilgan davrdan — qariyb 26-yil oldin boshlangan.

“Bu safar yapon iste’molchilariga “Vodiy Expo” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ajoyib paypoqlarni taqdim etayotganimdan juda xursandman. Ishonchim komilki, kelajakda ham O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yana-da kengaytiramiz hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajargan holda birgalikda rivojlanib boramiz”, — dedi Chinori Tokita.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistondan Yaponiyaga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 52 foizga oshgan.

Yaponiyaning “RX Japan” kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan “FaW TOKYO”ko‘rgazmasi moda, to‘qimachilik sanoati va savdo vakillari uchun yetakchi xalqaro maydonlardan biri hisoblanadi. U Tokioda yiliga ikki marta o‘tkazilib, ishtirokchilarga yangi buyurtmachilarni topish, importchi va distribyutorlar bilan aloqa o‘rnatish, shuningdek, OEM/ODM modellari asosida mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini Yaponiya va boshqa Osiyo bozorlarida keng targ‘ib qilish, tayyor mahsulotlar eksportini oshirish hamda milliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy brendlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish