O‘zbekiston va Gonkong maxsus ma’muriy hududi o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim imzolanishi mumkin
Iyun 03, 2026. 23:50 • 2 daq
• 57
TOSHKЕNT, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Toshkentga tashrif buyurgan Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bugun Toshkentda Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu janoblari bilan uchrashishdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Gonkong rahbarining yurtimizga tashrifi O‘zbekiston–Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda mamlakatimiz bilan Gonkong o‘rtasidagi aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini qayd etdik.
Muzokaralarimiz davomida investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildik.
Gonkongning xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi tajribasi hamda salohiyati O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va ilg‘or loyihalarni ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladik.
Shuningdek, hududlararo sheriklikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi bevosita muloqotlarni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashdik.
Uchrashuv davomida O‘zaro vizasiz rejimni o‘rnatish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitimni tuzish niyati bo‘yicha Verbal notalar almashildi. Mazkur qadam fuqarolarimiz uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratib, o‘zaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi”.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




