Germaniyalik jurnalistlar O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi
Iyun 11, 2026. 18:30 • 3 daq
• 60BЕRLIN, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan turizm sohasiga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “O‘zbekistonni kashf eting – Buyuk Ipak yo‘li durdonasi” mavzusida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Germaniyaning yetakchi sayyohlik jurnalistlari, turoperatorlar va tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi. Mehmonlarga yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy sayyohlik imkoniyatlari, yangi yo‘nalishlar hamda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Anjumanda yurtimiz elchisi Dilshod Ahatov qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan O‘zbekiston dunyo sayyohlari uchun tobora jozibador maskanga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Mamlakatda turizm infratuzilmasi faol modernizatsiya qilinmoqda, xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘i kengaytirilmoqda, mehmonxona sektori va xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanmoqda.
Tadbir doirasida yurtimizning sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. So‘ngra “O‘zbekiston turizmi o‘zgarishlar davrida: katta islohotlar – ulkan maqsadlar” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston barqaror rivojlanayotgan va dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlardan biri sifatida xalqaro maydonda e’tirof etilayotgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, xorijlik sayyohlar uchun yangi va muhim maskanlar sifatida yaqinda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda tubdan yangilangan Imom al-Buxoriy majmuasi haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda O‘zbekistonga bag‘ishlangan nemis tilidagi yangi nashrlar va ilmiy-ommabop tadqiqotlar ham namoyish etildi. Xususan, “Trescher Verlag” nashriyoti vakili Xolger Krechmar mualliflar Irina va Bodo Tyonslarning “O‘zbekiston: Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva orqali” nomli kitobini taqdim etdi. Mazkur sayyohlik yo‘lko‘rsatkichi 2026-yilda o‘zining 16-nashrida chop etilgan bo‘lib, nemis tilida so‘zlashuvchi mamlakatlar kitob bozorida haqiqiy bestsellerga aylangani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston faxriy professori, me’morchilikka oid ko‘plab tasviriy nashrlar muallifi Filipp Moyzer “Toshkent bo‘ylab sayohat: ko‘p qavatli binolar fasadlaridagi san’at” mavzusida ma’ruza qildi. U poytaxtimizning me’moriy qiyofasi, shaharsozlik an’analari va shahar muhitida saqlanib qolgan sovet modernizmining badiiy elementlari haqida so‘zladi.
San’atshunos va yozuvchi Iris Berndt O‘zbekiston tabiatiga bag‘ishlangan “O‘t-o‘lanlar madhi” kitobi asosida mamlakatimizdagi ekologik turizm imkoniyatlari haqida to‘xtalib, o‘z sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida savol-javob sessiyasi tashkil etildi. Germaniyalik jurnalistlar va turizm sohasi vakillari O‘zbekiston bo‘ylab sayyohlik marshrutlari, aviaqatnovlar, madaniy, ziyorat va ekoturizm yo‘nalishlari, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini yanada kengaytirish istiqbollariga katta qiziqish bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









