O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Noyabr 22, 2026. 15:00 • 2 daq
• 31TOSHKЕNT, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxodjayev 19-noyabr kuni “Iordaniya – O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Xayel Ubaydat boshchiligidagi delegatsiya bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Ishtirokchilar ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, muntazam muloqot va do‘stona munosabatlar ko‘p qirrali sheriklikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladilar. Tomonlar parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda ikki xalqning boy tarixiy-madaniy merosi asosida turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

