Kuala-Lumpurdagi biznes-forumda Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi
Fevral 01, 2026. 15:00 • 2 daq
• 42KUALA-LUMPUR, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Malayziya poytaxtida “Sirdaryoda biznes qiling” mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev, Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) raisi o‘rinbosari Jay Shankar ishtirok etdi.
Forum 200 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, Malayziya tomonining 150 dan ortiq vakilini birlashtirdi. Ular orasidan O‘zbekiston-Malayziya biznes alyansi, Malayziya o‘rta darajadagi kompaniyalar konsorsiumi (MCMTC), “Malaysia Tourism Agency”, SMITA Global Malaysia, Malayziya Islom savdo palatalari kabi uyushmalar raislari hamda “Spora Global”, “BasisBay”, “JAKEL Holding”, “MIMOS Berhad”, “Malaysian Vaccines & Pharmaceuticals”, “Sparco Engineering”, “Marrybrown”, “Tesomac”, “Five Petroleum Malaysia” singari yirik kompaniyalar rahbarlari o‘rin oldi.
Bundan tashqari, mazkur anjumanda Malayziyaning “Spora Global”, “BasisBay”, “JAKEL Holding”, “MIMOS Berhad”, “Malaysian Vaccines and Pharmaceuticals”, “Sparco Engineering”, “Marrybrown”, “Tesomac” va “Five Petroleum Malaysia” kabi yetakchi kompaniyalari vakillari hamda Sirdaryo viloyati tadbirkorlari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jay Shankar o‘z nutqida O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri sifatida eʼtirof etdi. U Sirdaryo viloyatining qulay geografik joylashuvi uni Malayziya kompaniyalari uchun mintaqaviy xabga aylantirishi mumkinligini qayd etib, hudud nafaqat savdo, balki qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini ochish uchun qulay sharoit va imtiyozlar berishiga ishonch bildirdi.
Tadbirning amaliy qismi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida “B2B” formatidagi qizg‘in muzokaralarni o‘z ichiga oldi.
Forum davomida Malayziya va viloyat kompaniyalari o‘rtasida bir qator kelishuvlar imzolandi.
Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan ushbu forum malayziyalik ishbilarmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi va ijobiy taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar forum nafaqat shartnomalar imzolash maydoniga aylangani, balki ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani, Sirdaryo viloyati Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun muhim “darvoza” sifatida eʼtirof etilganini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






