Logo

O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan

Dekabr 01, 2025. 18:37 • 2 daq

147
O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan

TOSHKENT, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan. Mazkur ko‘rsatkichga erishish uchun anʼanaviy bozorlar bilan cheklanmasdan yuqori marjali yangi bozorlarga chiqish zarur.

Bu borada tashqi bozorlardagi yetakchi isteʼmol segmentlari va yuqori talabga ega mahsulotlar bo‘yicha chuqur tahlil olib borildi. Natijada qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik va metallarga oid yo‘nalishlarda eksportni yana-da oshirish uchun mamlakatimizda katta zaxira hamda imkoniyat borligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan taqdimotda istiqbolli bozor hisoblangan mamlakatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirib, eksport-import hajmi o‘sishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilar mahsulotlarimizning tashqi bozorlarda egallagan o‘rni, talab yuqori bo‘lgan tovar turlari, xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari hamda eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish, yangi bozorlarni ochish va tashqi savdo mexanizmlarini soddalashtirish topshirildi.

Bugungi kunda 81-ta davlat idorasi tomonidan tadbirkorlarga 739 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Lekin 576 turdagi xizmatlar tarqoq holda ko‘rsatilgani uchun tadbirkorlar hujjat yig‘ib, idorama-idora sarson bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17-ta bosqichdan o‘tish, 10-ta idoraga borish kerak.

Shu bilan birga, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatadigan yagona xususiy servis maydoni mavjud emas. Bunday xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, brokerlar va logistika operatorlari, biznes taʼlimi va trening dasturlari bilan integratsiya qilish mumkin.

Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan “Biznes hamroh” markazlarini ochish taklif qilindi.

Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlarning murojaatlariga tunu kun javob beradigan “koll-markaz” ham tashkil etiladi.

Prezidentimiz taklifni maʼqullab, markaz tadbirkorlik subyektini tashkil etishdan tortib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olishi zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish