O‘zbekiston Budapeshtdagi konferensiyada Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi
Oktabr 09, 2026. 11:30 • 2 daq
• 96BUDAPЕSHT, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya poytaxtida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Lorand Etvyosh nomidagi universitet va Korvin universiteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda Yevropa Ittifoqi, Vengriya, diplomatik korpus, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining ilmiy hamda ekspert-tahliliy doiralari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston nomidan elchi Oybek Shaxavdinov hamda mamlakatning ilmiy va tahliliy muassasalari delegatsiyasi qatnashdi. Konferensiyada iqlim o‘zgarishi, suv va energetika xavfsizligi, transport yo‘laklarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda ilmiy-ta’limiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Elchi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari hamda Yevropa Ittifoqi bilan kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tdi. 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti kelishuvlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar “Global Gateway” tashabbusi imkoniyatlaridan foydalanish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, o‘ta muhim xomashyo materiallarini qayta ishlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston vakillari suv diplomatiyasi, transchegaraviy suv resurslarini barqaror boshqarish va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash masalalari bo‘yicha ekspertlik munozaralarida ishtirok etdi.
“Erasmus+” dasturi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Yevropa mamlakatlari universitetlari ishtirokida suv xo‘jaligini boshqarish va suv diplomatiyasi bo‘yicha qo‘shma xalqaro magistrlik dasturini yo‘lga qo‘yish imkoniyati alohida ko‘rib chiqildi.
Konferensiya yakunida tomonlar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi qo‘shma tadqiqotlar hamda kelgusidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


