O‘zbekiston Sankt-Peterburgdagi PXIFda o‘zining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etadi

Iyun 04, 2026. 09:00 • 4 daq

105
O‘zbekiston Sankt-Peterburgdagi PXIFda o‘zining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etadi
O‘zbekiston Sankt-Peterburgdagi PXIFda o‘zining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etadi

TOSHKENT, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. 4–5-iyun kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiyaga boradi va Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PXIF) ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi an’anaviy tarzda jahon iqtisodiyoti, investitsiyaviy hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun eng yirik xalqaro maydonlardan biri bo‘lib kelmoqda.

Ushbu nufuzli forum dunyoning turli mintaqalaridan davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtiradi.

O‘tgan yilgi forum tadbirlarida 144 davlatdan 24 mingdan ziyod vakil qatnashgan. Unda umumiy qiymati 6,5 trillion rubldan (taxminan 70 milliard AQSh dollari) ortiq bo‘lgan 1116 ta bitim imzolangan. Bu PXIFning yuksak xalqaro nufuzidan va uning zamonaviy iqtisodiy kun tartibini shakllantirishdagi roli ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ko‘p yillardan buyon forum xalqaro savdo, investitsiyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishga doir yondashuvlarni ishlab chiqish uchun nufuzli platforma maqomini saqlab kelmoqda. Forumning zamonaviy kun tartibi raqamli transformatsiya va yuqori texnologiyalardan tortib energetika, infratuzilma hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.

O‘zbekiston Prezidentining PXIF–2026dagi ishtiroki mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, investitsiyalarni jalb etish va xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishning muhim omili sifatida qaralmoqda.

Tashrif dasturi doirasida O‘zbekiston Prezidentining forum yalpi majlisida nutq so‘zlashi, shuningdek, PXIF–2026 jarayoni qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

Forum istiqbolli investitsiyaviy tashabbuslarni ilgari surish, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, O‘zbekistonning shakllanayotgan Yevroosiyo iqtisodiy makonidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi kun tartibida mamlakatimizni strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bog‘lab turgan Rossiya bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirish alohida o‘rin egallaydi. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 20-martda o‘rnatilgan.

Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazasi, jumladan, 2004-yilgi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005-yilgi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2022-yilgi Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya shakllantirildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar siyosiy muloqotning yuqori darajasidan va ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, tashqi siyosat idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik faol mustahkamlanib bormoqda.

Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya, hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya hamda “Rossiya–O‘zbekiston” mintaqalararo forumi amaliy hamkorlikning muhim mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi. Bu formatlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik so‘nggi yillarda barqaror ijobiy o‘sish sur’atini namoyon etmoqda va ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qiladi, bu esa o‘zaro tovar ayirboshlash, sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini izchil kengaytirishga xizmat qilmoqda.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,5 foizga o‘sib, 12,9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bunda eksport 4,3 milliard dollarga, import esa 8,6 milliard dollarga yetdi. 2026-yilning yanvar–aprel oylarida o‘zaro savdo hajmi 4,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 35 foizga ko‘pdir.

Sarmoyaviy hamkorlik ikki tomonlama aloqalar tizimida muhim o‘rin egallaydi. Qo‘shma loyihalarning joriy portfeli 43,9 milliard dollarga baholanmoqda. Kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, agrar soha, mashinasozlik va to‘qimachilik tarmoqlari ustuvor yo‘nalishlar sirasiga kiradi.

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi 3,2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Bu Rossiya biznesining yuqori darajadagi ishbilarmonlik faolligini hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini aks ettiradi.

Shu bilan birga, tomonlar transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish va yangi kooperatsiya zanjirlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. PXIF–2026 doirasida qo‘shma yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni ilgari surish, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va yangi transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida urg‘u berilishi kutilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, PXIF ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish va iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishda samarali mexanizm vazifasini o‘taydi.

An’anaviy tarzda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi ko‘p tomonlama hamkorlik va xalqaro aloqalarni rivojlantirish uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar va yetakchi ishbilarmon doiralar vakillarining ishtiroki O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy manfaatlarini yanada kengroq ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston delegatsiyasining PXIF–2026dagi ishtiroki o‘zaro manfaatli O‘zbekiston–Rossiya strategik sherikligini yanada kengaytirish, qo‘shma sarmoyaviy tashabbuslarni ilgari surish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shimcha turtki berishi ko‘zda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish