Tailanddagi xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy pavilyoni tashkil etildi
Avgust 02, 2026. 10:00 • 2 daq
• 100SONGKXLA, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Tailandning Shahzoda Songkxla universitetida bo‘lib o‘tayotgan 15-Butunjahon halol mahsulotlar ko‘rgazmasi va “World HAPEX 2026” xalqaro anjumanida ishtirok etmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Tailand, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Malayziya, Pokiston, Bangladesh va Xitoyning davlat idoralari, biznes, ilmiy doiralar hamda sanoat vakillari qatnashmoqda.
Panel muhokamasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonov mamlakatimiz 2019 yildan buyon Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) aʼzosi ekanini qayd etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida islom dunyosi davlatlari bilan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlantirilayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizning turistik salohiyati, boy milliy madaniyati va anʼanalariga bag‘ishlangan milliy pavilyon tashkil etildi. Unda Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Imom Buxoriy kabi buyuk allomalar merosi, shuningdek, Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi kitoblar va videomateriallar namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma 30-iyuldan 2-avgustga qadar davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




