Logo

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi

Aprel 15, 2026. 20:40 • 2 daq

164
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi rahbariyati hamda Pokistonning yirik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi o‘rtasida videokonferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda mamlakatimizning boy xomashyo bazasi, paxtani qayta ishlash hajmining izchil o‘sishi va tayyor mahsulotlar eksporti geografiyasi kengayib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Xorijiy sheriklarga soliq va bojxona imtiyozlari tizimi, Yevropa bozorlariga yo‘l ochuvchi “GSP+” preferensiyalar rejimi imkoniyatlari taqdim etildi. Muhokamalarning asosiy mavzusi mamlakatdagi 29 ta bo‘sh turgan korxonadan biri negizida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bo‘ldi.

Tomonlar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va autsorsing modeli asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Bu mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish bilan bir qatorda hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Pokiston biznesi vakillari to‘qimachilik sohasining jadal rivojlanayotganini va jahon bozorida o‘zbek mahsulotlariga talab yuqoriligini taʼkidladi. Investor xalqaro brendlar ostida tovarlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ularni AQSH, Yevropa mamlakatlari va Markaziy Osiyoga eksport qilishga tayyorligini bildirdi.

Xorijiy sheriklarning fikricha, xomashyoga yaqinlik va yaratilgan sharoitlar mintaqani to‘qimachilik biznesi uchun strategik muhim xabga aylantiradi.

Uchrashuv yakunida Pokiston delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bo‘lajak tashrif davomida investorlar mavjud ishlab chiqarish maydonlari bilan shaxsan tanishib, kelgusidagi qo‘shma loyihaning yakuniy parametrlarini belgilab oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish