O‘zbekistonning eksport salohiyati Xitoyning Dunguan shahridagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi
Aprel 15, 2026. 08:10 • 2 daq
• 188DUNGUAN, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Xitoyning Guandun provinsiyasi Dunguan shahrida bo‘lib o‘tgan “China International Food and Ingredients Expo” ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qandolatchilik buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, dukkakli ekinlar va quritilgan mevalarning keng assortimenti joy oldi.
Tadbir doirasida qator mahalliy kompaniyalar bilan ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi. Ishbilarmonlar eksport shartnomalarini ishlab chiqish uchun O‘zbekiston korxonalari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Dunguan shahri Tashqi ishlar byurosi va Tijorat departamenti, Guansi provinsiyasi Qishloq xo‘jaligi departamenti rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda hududlararo munosabatlarda iqtisodiy diplomatiyani izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro almashinuvlarni faollashtirish va agrar sektorda amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Xususan, Guansi-Chjuan avtonom rayoni va Dunguan shahri munitsipaliteti delegatsiyalarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashriflarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

